Hoji Barlos
Hoji Barlos (? — 1361) — Sohibqiron Amir Temurning amakisi. Movarounnahrning nufuzli va yirik bek (Amir)laridan. Amir Qazag’onning o’g’li Amir Abdulloh o’z qarorgohini Samarqandga ko’chirmoqchi bo’lganda norozi beklar tomonidan o’ldirilgach, Amir bayon Sulduz va Amir Hoji Barlos mamlakatni o’z qo’llariga olib, idora etish va xalq osoyishtaligini ta’minlashga harakat qiladilar. Kesh shahri ilgaridan Sohibqiron va Amir Hoji Barlos ajdodlari tasarrufida bo’lgan. Hoji Barlos nufuzi baland bek bo’lishiga qaramay nisbatan jur’atsiz va qo’rqoq shaxs edi. 1360 yil u Jete sipohining bostirib kelishidan qo’rquvga tushadi va qadim yurtini e’tiborsiz qoldirib, Xuroson tomon yuzlanadi. Xurosondan qaytgan Hoji Barlos Amir boyazid bilan ittifoq tuzib Amir Temurga qarshi Oqyor mavzesida jangga kiradi va mag’lubiyatga uchrab, Samarqandga qochadi. Ma’lum muddatdan so’ng Hoji Barlos Sohibqiron bilan yarashadi va ular Amir Xizr ustiga yurish qilib, g’alaba qozonishadi. 1361 yil Jete hukmdori Tug’luq Temurxon ikkinchi bor Movarounnahrga cherik tortib kelganda Hoji Barlos vahima va qo’rquvga tushib Kesh tomonga, u erdan Jayhunni kechib o’tishga jazm qiladi. Sabzavor viloyatining Jo’yan tumanidagi Xo’rosha qishlog’iga etgan chog’ida shu joyning bir to’da isyonkorlari uni birodari Idiku bilan tutib olib, qatl etadilar. Ad.: Nizomiddin Shomiy, Zafarnoma, T., 1996; Sharafuddin Ali Yazdiy, Zafarnoma, T., 1997.