HUJJAT

HUJJAT — keng ma‘noda – ma‘lumotlar qayd etilgan moddiy buyumlar (qog’oz, kinoplyonka, fotoplyonka, magnitofon lentasi, perfokarta va boshqalar). Hujjat matn, tasvir, tovush va boshqalardan iborat bo’lishi mumkin. Mazmuniga ko’ra, Hujjat ilmiy-texnika Hujjatlari (maqolalar, kitoblar, patentlar, chizmalar, jadvallar va h.k.), huquqiy Hujjatlar (qarorlar, farmonlar, shartnomalar va h.k.), boshqaruv Hujjatlari (buyruqlar, ko’rsatmalar, qarorlar va h.k.)ga bo’linadi. Huquq fanida Hujjat deganda, odatda, qonunda belgilangan shaklda tuzilgan va yuridik ahamiyatga ega bo’lgan (shaxsning tug’ilganlik, ma‘lumot olganlik, nikohdan o’tganlik, mehnat staji kabi) faktlarni tasdiqlovchi, yozma aktlar tushuniladi. Hujjat sud ishlarini yuritishda faktlarni aniqlash vositasi sifatida katta ahamiyatga ega. Hujjatlarni qalbakilashtirish jinoyat hisoblanadi.