Humoyun maqbarasi
Humoyun maqbarasi — Hindistondagi me’moriy yodgorlik (16-asr 2-yarmi); Dehli shahrida Humoyunning o’g’li Akbarshoh tomonidan qurilgan. Maqbara murabba tarhli (47×47 metr; umumiy balandligi 37,5 metr), qizil qumtosh va oq marmardan bunyod etilgan; 2 qavatli. Pastki qavati (poydevori, balandligi 7 metr)ga ravoqlar qatori ishlangan. 2-qavati — asosiy bino 3 qismdan iborat bo’lib, bosh tarzi peshtoq-ravoqli, Markaziy xona qo’sh gumbazli, uning yonidagi doira-ko’shk shaklidagi xonalar tepasiga gumbazli qafasalar ishlangan. Maqbaraning o’zi atrofi devor bilan o’ralgan chorbog’nnng markazida joylashgan; chorbog’ hududi ariqlar bilan bo’laklarga bo’lingan chorchamonlar, ko’kalamzorlardan tashkil topgan. Maqbara chorbog’ kengligi bilan o’zaro uyg’un; aniq va go’zal yechimini topganligi bilan diqqatga sazovor. Maqbaraning Markaziy gumbazli mujassamotida O’rta Osiyo va Eron me’morligining ta’siri seziladi. Humoyun maqbarasi keyinchalik bunyod etilgan Tojmahal uchun namuna vazifasini o’tagan.