Huquqiy javobgarlik, yuridik javobgarlik
Huquqiy javobgarlik, yuridik javobgarlik — huquqbuzarga nisbatan huquq normalarida ko’zda tutilgan sanktsiyalar asosida davlatning majburlov choralarini qo’llash. Bu choralar shaxsiy (ozodlikdan mahrum etish), mulkiy (jarima), tashkiliy (muayyan huquqdan mahrum qilish, ishdan bo’shatish) tusda bo’lishi mumkin. Huquqiy javobgarlik o’z xususiyatiga ko’ra, siyosiy, axloqiy va boshqa javobgarliklardan farq. qiladi. Huquqiy javobgarlik huquqbuzarliknmj turlariga muvofiq quyidagilarga bo’linadi: jinoiy-huquqiy, fuqarolik-huquqiy, ma’muriy-huquqiy, intizomiy-huquqiy javobgarlik. Huquqiy javobgarlikda adolatlilik, insonparvarlik, qonuniylik asoslantirilganlik, huquq buzilgan holda javobgarlikning muqarrarligi, individuallik (faqat aybdor shaxsning o’ziga nisbatan javobgarlik), maqsadga muvofiqlik kabi tamoyillarga amal qilinadi. Zaruriy mudofaa (shaxs, jamiyat, davlat manfaatlari himoyasidan kelib chiqib, zarar yetkazuvchiga nisbatan zaruriy mudofaa doirasida qarshilik ko’rsatish yoki zarar yetkazish); oxirgi zarurat (shaxs jamiyat, davlat manfaatlariga xavf tug’diradigan holatlarda, bu xavfning oldini olishga qaratilgan choralar doirasidagi harakatlar); kasb yoki xo’jalik faoliyati bilan bog’liq bo’lgan asosli tavakkalchilik; muomalaga layoqatsizlik; Kazus (tasodiflar) va shu kabi yuridik javobgarlikni istisno qiluvchi holatlar hisoblanadi. Yuridik javobgarlikni amalga oshirish uchun vakolatli organning huquqni qo’llash akti zarur bo’ladi. Bunday aktlar sudning qarori, ma’muriyat buyrug’i bo’lishi mumkin. Nurmat Saburov, Shahzod Saydullayev.