Huquqni muhofaza qilish organlari
Huquqni muhofaza qilish organlari — qonuniylik va huquq-tartibotni muhofaza qilish, inson huquqlari va erkinliklarini himoyalash, jinoyatchilik va boshqa huquqbuzarliklarga qarshi kurash bilan shug’ullanuvchi idoralar. O’zbekistonda ularning faoliyati tegishli qonunlar asosida tartibga solingan («O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to’g’risida»gi qonun, «Sudlar to’g’risida»gi qonun, «Prokuratura to’g’risida»gi qonun, «Advokatura to’g’risida»gi qonun va shu kabilar). O’zbekiston Respublikasida Huquqni muhofaza qilish organlariga quyidagilar kiradi: sudlar (O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudga bo’ysunuvchi umumiy yurisdiktsiyadagi sudlar, xo’jalik sudlari); sudlarning faoliyatini tashkiliy va moddiy-texnik jihatdan ta’minlashni amalga oshiradigan organlar (O’zbekiston Respublikasi Prezidnti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo’yicha oliy malaka komissiyasi; Adliya vazirligi huzuridagi sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy, texnik va moliyaviy jihatdan ta’minlash departamenti) prokuratura; jinoyatlarni fosh etish va tergov qilishga jalb qilingan organlar (surishtiruv va dastlabki tergov organlari), notarial faoliyatni amalga oshiruvchi organlar (notariat va boshqalar); advokatura.