IBN BOJA

IBN BOJA, Abu Bakr Muhammad ibn Yahyo (taxminan 1070, Saragosa, Ispaniya — 1139, FeS, Marokash) — Arab faylasufi, shoir, musiqachi. Sevilyada bir necha yil yashagan. So’ng Marokashga o’tib, Fes shahrida vazirlik lavozimida ishlagan. Lekin bu yerda o’zining falsafiy qarashlari tufayli ta’qibga uchragan va ganimlari tomonidan zaharlab o’ldirilgan. Ibn boja fanning bir necha sohalarida ijod qildi. U tabiblik va shoirlikdan tashqari, falakiyot, falsafa, mantiq, matematika, tabiatshunoslik, musiqa sohalari bo’yicha risolalar yozdi. Aristotelning fizika va meteorologiyaga oid asarlariga sharhlar bitdi. O’tmish falsafiy fikrini chuqur o’rganib, uni yaqin va O’rta Sharq xalqlariga tanishtirishda katta xizmat ko’rsatdi. Ibn bojaning ko’p asarlari tugallanmagan. Ular jumlasiga «jon haqida», «yolg’iz kishining xulq-odobi» («Tadbir al-mutavahhid») kabilar kiradi. Boshqalari tugallangan bo’lsada, kichik hajmdagi asarlardir. Ular qadimgi yahudiy va lotin tillariga tarjima qilingan va bizgacha ayrim parchalari yetib kelgan. Ibn boja o’z risolalarida jamiyatdan ajralgan inson haqida gapirsa ham, jamiyatning xayrli ishlarida inson faol qatnashuvi lozim, deb tushuntirdi. U tarkidunyochilikka qarshi chiqdi, insonga bu dunyoda farovonlikka va baxt- saodatga erishish yo’llarini ko’rsatishga intildi, Fozil odamlar va faylasuflardan iborat bo’lgan jamiyat to’g’risida xayol qildi. Uningcha, har bir kishi o’z ma’naviy kamoloti yo’lida qayg’ursa, shunda jamiyat ham takomillashadi. Bunday jamiyatda donishmanddar ko’payib borib, nizo-adovat va jabr-zulmga o’rin qolmaydi. Ibn bojaning ijtimoiy-falsafiy fikrlari keyinchalik Arab faylasuflari Ibn Tufayl va Ibn Rushdnnig dunyoqarashiga katta ta’sir ko’rsatdi.