IBRAT

IBRAT (taxallusi; asl ism-sharifi Ishoqxon Junaydullaxo’ja o’g’li) (1861, — Namangan viloyati To’raqo’rg’on tumani — 1937, Andijon) — o’zbek ma’rifatparvari, shoir. Qo’qondagi Muhammad Siddiq tunqotar madrasasida o’qigan (1878-86). 1887-92 yillarda Istanbul, Sofiya, Afina, Rim, Kobul va Jidda shaharlarida bo’lgan. Hindistonning Bombay va Kalkutta shaharlarida yashagan (1892— 96). Safardan qaytgach, To’raqo’rg’onda yangi usul maktabini ochgan (1907), o’z qishlog’ida «Matbaai Ishoqiya» nomli litografiya tashkil qilgan (1908). Ibrat yangi maktablar ochish, o’qituvchilar tayyorlash, ayollarni ilm-ma’rifatli qilish ishlarida faol qatnashgan. O’z she’rlari («Tarixi chopxona», «Madaniyat haqida masnaviy», «gazeta xususida», «qalam») da mahalliy va chor amaldorlari kirdikorlarini fosh etgan («ilmi ibrat», she’riy to’plam, 1909). Ibrat Arab, fors, hind, turk, o’zbek va rus so’zlaridan tarkib topgan «Lug’at sitta as-sina» («Olti tilli lug’at», T., 1901) tuzgan, bu asar o’sha davr uchun katta ahamiyatga ega bo’lgan. Ibratning yozuvlar tarixiga oid «Jome’ulhutut» («xatlar majmui», 1912) asarida lotin, yunon, Xitoy, qind, Arab, Kirill yozuvining kelib chiqishi, rivojlanish tarixi haqida ma’lumot berilgan, ilmiy-tarixiy asarlari («tarixi Farg’ona», 1916; «tarixi madaniyat», 1925; «mezon uz-zamon», 1926) esa Qo’qon xonligining vujudga kelishidan to 20- asr 30-yillarigacha bo’lgan davrni o’z ichiga olgan. Ibrat «Turkiston viloyati gazeti», «Sadoi Turkiston», «Sadoi Farg’ona» gazetalariga yozgan maqolalarida fan, ma’rifat va madaniyatni targ’ib etgan. 1937 yilda qatag’on qurboni bo’lgan. Namangan viloyati To’raqo’rg’on tumanidagi 14-o’rta maktab va Toshkentdagi bir ko’chaga Ibrat nomi berilgan.