IBROHIM I DARBANDIY

IBROHIM I DARBANDIY (? — 1417) — darbandiya sulolasi asoschisi, shirvon shohi (1382-1417). Ibrohim I rivoyatlarga ko’ra, Anushirvon naslidan bo’lib, davlatni adolat va tadbirkorlik bilan idora qilgan. Amir Temur bilan To’xshamishning manfaatlari Ozarbayjonda to’qnash kelganda (1385-86) u Shirvonni mustahkamlash va unga Ozarbayjonning bo’lak yerlarini birlashtirish siyosatini ustalik bilan amalga oshirgan. Chunonchi, Ibrohim I Amir Temurdek Jahongirga qarshilik ko’rsatmoq aqldan emasligini idrok etib, darhol uning nomiga Xutba o’qitgan, tanga zarb qildirgan. So’ng, katta hadyalar bilan yo’liga peshvoz chiqib, unga itoatkorlik bildirgan va bu bilan u o’z joni, taxti hamda mamlakatini omon saqlab qolgan. Amir Temur vafot etgach (1405), Ibrohim I Temuriylar o’rtasida boshlangan taxt uchun kurashdan foydalanib, Ozarbayjon mulkdorlari yordamida Shirvon mustaqilligini tiklagan, gurjiston bilan ittifoqlikda Tabrizni egallagan (1406). Pekin u ittifoqchilari — Kaxetiya podshohi va Sheki hokimi bilan birgalikda qora qo’yunlilarga qarshi jang qilib yengilgach (1410), Shirvon yana o’z mustaqilligini yo’qotgan.