IBROHIMOV ABDUQAHHOR ABDUSAMATOVICH

IBROHIMOV ABDUQAHHOR ABDUSAMATOVICH (1939.16.8, Toshkent) — yozuvchi, dramaturg, publisist, O’zbekiston Respublikasi san’at arbobi (1990). Toshkent uiversitenti filologiya fakultetining jurnalistika bo’limini tugatgan (1962). «O’zbekiston madaniyati» gazetasida adabiy xodim va bo’lim mudiri (1962-72), «Guliston» jurnalida mas’ul kotib (1972-75), «O’zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida bo’lim mudiri (1978— 84), O’zbekiston Madaniyat vazirligida repertuar-tahrir hay’ati bosh muharriri (1984-86), O’zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida konsultant va yetakchi konsultant (1990— 93), Respublika «Ma’naviyat va ma’rifat» markazida bosh mutaxassis (1994 yildan). Adabiy faoliyati 60-yillarda boshlangan. «Qoya ostida» (1972), «so’nggi nur» (1977), «osmon yaqin, yer yumshoq» (1982) hikoyalar to’plamlari, «uyqu kelmas kechalar» (1998) romani muallifi. «Til — taqdir demak» (1990), «Vatan tuyg’usi» (hamkorlikda, 1996), «Bizkim, o’zbeklar» (1999) kabi badiiy va siyosiy publisistik asarlarida til, ko’hna milliy davlatchiligimiz tarixi aks ettirilgan. «Birinchi bo’sa» lirik dramasi «Yosh gvardiya» (hozirgi Abror Hidoyatov nomli) teatrida sahnalashtirilgan (1971). Bundan tashqari, «arra» (1971), «mayli, mayli» (1972), «Zo’ldir» (1973), «meni aytdi demang» (1973), «tanisangiz kerak» (1974), «sochqi» (1976), «tovushsiz qarsaklar» (1980), «O’zbekcha nikoh» (1993), «Shaytonning yo’li» (1994) va boshqa pyesalari O’zbekistonda va boshqa davlatlarning teatrlarida sahnalashtirilgan. «Mehnat shuxrati» ordeni bilan mukofotlangan (1999).