IDALGO

IDALGO — Meksikadagi shtat. Mamlakatning Markaziy qismida, Meksika yassitog’ligining Janubi sharqida. Maydoni 20,9 ming kilometr kvadrat. Aholisi 2,2 million kishi (2000). Ma’muriy markazi — Pachuka shahri. Aholi, asosan, vodiylarda yashaydi. Yer yuzasi plato bo’lib, o’rtacha balandligi 2000 metr; alohida cho’qqilari 3000 metr va undan ziyod. Sharqiy Serramadre tog’ sistemasi Idalgo hududini Meksika qo’ltig’idan ajratib turadi. O’rtacha oylik temperatura 16-20°. Yiliga 300-600 millimetr yog’in yog’adi, tez-tez qurg’oqchilik bo’lib turadi. Aholisining ko’p qismi qishloq xo’jaligida band. Asosan, mevali daraxtlar o’stiriladi, sabzavot ekinlari va shakarqamish ekiladi. Shtatning Sharqiy qismida yaylov chorvachiligi rivojlangan. Oltin va kumush konlari bor. Mashinasozlik (vagonlar, yuk mashinalari, to’qimachilik mashinalari), neftni qayta ishlash, tsement, rangli Metallurgiya sanoati korxonalari mavjud. Yirik sanoat shaharlari: Syudad-Saagun, tula.