Idealizm

Idealizm (Yunoncha idea so’zidan) — falsafadagi asosiy oqimlardan biri; ong, ruh, tafakkur birlamchi, materiya, tabiat, borliq ikkilamchi deb talqin etuvchi qarashlar tizimi. Materializmning muqobili. Idealizmning ob’yektiv va sub’yektiv shakllari bor. Ob’yektiv Idealizm dunyoning asosida inson ongidan tashqarida va unga bog’liq bo’lmagan holda g’ayritabiiy ruhiy ibtido (g’oya, olamiy aql) yotadi, deb hisoblaydi. Bunday ta’limotning yirik namoyandalari antik falsafada Platon, Plotin, Prokl; yangi davrda — G. V. Leybnis, F. V. Shelling, G. V. F. Gegel bo’lgan. Sub’yektiv Idealizm inson ongidan tashqaridagi ob’yektiv reallikni inkor etib, faqat sub’yektiv sezgilar mavjud, deb biladi. Bu g’oya J. Berkli, D. Yum, I. G. Fixte ta’limotida yaqqol ifodalangan. Ruhiy ibtido kanday tushunilishiga qarab Idealizmning xilma-xil ko’rinishlarini bir-biridan ajratish mumkin; olamiy aql (panlogizm) yoki olamiy Iroda (volyuntarizm), yagona ruhiy substantsiya (idealistik monizm) yoki ko’pdan-ko’p ruhiy birinchi unsurlar (plyuralizm), aqlan, mantiqan anglanadigan ibtido (idealistik ratsionalizm), sezgilarning hissiy xilma-xilligi (idealistik empirizm va sensualizm, fenomenalizm) ilmiy bilish ob’yekti bo’la olmaydigan, qonuniyatga bo’ysunmaydigan, mantiqqa zid ibtido (irratsionalizm). Odatda, «idealist» (ideal so’zidan) tushunchasi olijanob maqsadlarga intiluvchi beg’araz odamga nisbatan ham ishlatiladi.