Idrisiy

Idrisiy, al-Idrisiy Abu Abdulloh Muhammad ibn Muhammad [1100 — Seuta (Sibta), Marokash — 1165 yoki 1161, Sisiliya oroli] — Arab geografi va sayyohi. Ispaniyadagi Arab xalifaligining poytaxti Qurtuba (Kordova) shahrida tahsil olgan. Portugaliya, Frantsiya, Angliya va kichik Osiyo yarim oroliga sayohat qilgan. Idrisiy Yevropada eng mashhur sayyoh hisoblangan. Taxminan 1138 yil Sitsiliyaning Palermo shahriga kelib, Sitsiliya qiroli Rojer II saroyida yashagan. Qirol topshirig’i bilan 1154 yil o’sha davrda dunyoning ilm ahliga ma’lum bo’lgan qismi xaritasini tay-yorlagan, uni kumush yassi sharga o’yib chizgan va qog’ozga ham tushirgan. Xaritaga «Nuzxat al-mushtoq Fi-ixtiroq al-ofoq» («sayohatga mushtoq bo’lganning ufklarga sarguzashtlari») izohnomasini yozgan (ba’zan uni «Rojer kitobi» ham deyishadi). Idrisiy asarlarining nusxalari ko’p, biroq birorta ham to’la nusxasi saqlanmagan; 16-asrdan boshlab Yevropada bir necha marta nashr qilingan. Jumladan, lotin tilidagi tarjimasi 1593 yil Rimda nashr qilingan. Idrisiy xaritasining asli yo’qolgan, nusxasi bilan izohnomasigina saqlanib qolgan. Idrisiy Yerni 7 iqlimga bo’lgan (har bir iqlim 10 qismdan iborat). Idrisiyning barcha iqlimni o’z ichiga olgan asarlari va unga ilova qilingan xaritalar (70 ta) o’rta asrlarda geografiya fanida eng mukammal asar hisoblangan, Yevropa va Afrika tarixi va tarixiy geografiyani o’rganishda muhim manba bo’lgan. Unda musulmon sharqidan tashqari G’arbiy va Sharqiy Yevropa mamlakatlari haqida turli-tuman qiziqarli ma’lumotlar bayon qilingan. Idrisiy asarlarini shaxsan o’zi ko’rgan-bilganlari, sayohatchilar, savdogarlar, ziyoratchilar va turli mamlakatlarni o’rganish uchun yuborilgan kishilar axboroti asosida yozgan. U Ibn Hurdodbeh, Ibn Havqal, Mas’udiy kabi Arab geograflari va sayohatchilari asarlaridan ham foydalangan. Ammo Idrisiy xaritasi xatoliklardan xoli emas: Afrika olisdagi Hindixitoy yarim oroli bilan tutash, Hind okeani ko’l tarzida ko’rsatilgan, ya’ni Klavdiy Ptolemey dunyo xaritasidan aynan ko’chirgan. Omon Bo’riyev.