IGNA SANCHIB DAVOLASH
IGNA SANCHIB DAVOLASH, akupunktura — organizmning yumshoq to’qimalariga maxsus ignalar kiritib davolash. Reflektor terapiya usullaridan biri. Xitoy, Koreya, Yaponiya xalq tibbiyotida Igna sanchib davolash qadimdan ma’lum. Bunda gavdaning muayyan (700 ga yaqin) nuqtalariga kiritilgan ignalar nerv uchlarini ta’sirlaydi. Ta’sirlanish bosh yoki orqa miyaga, u erdan turli a’zolarga o’tadi. Periferik nerv sistemasi kasalliklari, uyqu buzilishi, moddalar almashinuvining o’zgarishi, shikastlanish va boshqalar natijasida paydo bo’ladigan bo’g’im va muskul kasalliklarida qo’llaniladi. Zarurat tug’ilganda Igna sanchib davolash bilan birga dori-darmonlar ham buyuriladi. Igna sanchib davolashni vrach belgilaydi va faqat shu soha mutaxassisi o’tkazadi.