IJRO ETUVCHI HOKIMIYAT
IJRO ETUVCHI HOKIMIYAT — davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi hokimiyat va sud hokimiyati kabi mustaqil tarmoqlaridan biri. Ya‘ni davlat apparatining ijro etuvchi organlari tizimi. Joriy qonunlar va boshqa me‘yoriy hujjatlarga asoslanib, boshqaruv vazifalarini bajaradi (davlat boshlig’i, hukumat). Qonun chiqaruvchi hokimiyat hujjatlarini ijro etish maqsadida o’z qaror va farmoyishlarini qabul qiladi, odatda, davlat boshlig’i (prezident)ning bevosita rahbarligi va nazorati ostida ish ko’radi. Ijro etuvchi hokimiyat mintaqaviy va mahalliy darajada mahalliy o’zini-o’zi boshqarish organlari (hokim, oqsoqol, gubernator, mer, prefekt) tomonidan amalga oshiriladi. Ijro etuvchi hokimiyatning asosi – boshqaruv apparati va hukumat. Ushbu tizimning boshi – hukumat boshlig’i. Zamonaviy ijro etuvchi hokimiyat mohiyati – yagona umumiy davlat hokimiyatini bo’lish zarurligidan kelib chiqadi. Bu tamoyil XVII-XVIII asrlarda Yevropa, AQSH mutafakkirlari va siyosatchilari tomonidan nazariya va amaliyotda chuqur ishlab chiqilgan. Ijro organlari hokimiyatni malakaviy-professional tarzda amalga oshiradilar va davlatning ma‘muriy-siyosiy, ijtimoiy-madaniy, ishlab chiqarish va mehnat faoliyatini boshqaradilar. Davlat xizmatchilari qatlami bu hokimiyatni ichki tomonidan tavsiflaydi. Ijro hokimiyati qonunlarni amalga oshira olishi uchun unga ma‘muriy hokimiyat vakolatlari berilgan. Bunda ijro organlari ikki model asosida o’z faoliyatlarini tashkil etadi. Birinchi modelga ko’ra qonun ijro organlari bajarishi lozim bo’lgan tadbirlar va vakolatlar kengligini aniq ifodalagan bo’ladi va shu tariqa ijro organlarini tashabbus ko’rsatishdan cheklaydi (―bog’liq model). Ikkinchi modelga ko’ra («erkin» model) ijro organlariga ma‘muriy aktlar qabul qilish huquqi beriladi va shu tariqa ularning tashabbusi va erkinligi ko’lami cheklanmaydi. Ijro organlari doirasida ma‘muriy jazolash va nazorat instituti amal qiladi. Unga ko’ra ijro organlari ma‘muriy hibsda saqlash, militsiya, armiya xizmatidan foydalanish kabi huquqlarga ega. Ijro organlari hokimiyatning boshqa tarmoqlari ega bo’lmagan resurslar (hudud, fuqarolar, moliyaviy va ahborot, rag’batning turli resurslari, armiya, ichki ishlar, davlat xavfsizligi xizmati) ustidan nazoratga ega. Shuningdek, qonunchilik hokimiyatidan farqli o’laroq, ijro organlari doimiy asosda faoliyat ko’rsatadilar va siyosatdagi o’zgarishlarga deyarli bog’liq emaslar. Ijro hokimiyatining funksiyalari: hamjamiyat va millatning bir butunligini ta‘minlash (umumiy til, me‘yorlar, umumiy afsonalar, ramzlar yaratish, milliy birlik, fuqarolik hissini tarbiyalash, umumiy ta‘lim tizimini yaratish, bir turdagi siyosiy madaniyatni shakllantirish orqali); ichki va tashqi xavfsizlik, tartib, qonun ustivorligini ta‘minlash; xususiy mulk va boshqa huquqlarni himoya qilish; iqtisodiy samaradorlik va iqtisodiy o’sishni ta‘minlash; ijtimoiy adolatni himoyalash (soliqlar va boshqa dasturlar orqali); zaiflarni himoya qilish (bolalar, qariyalar, atrof muhit). Qonunchilik hokimiyati deputatlarning rasmiy tengligi tamoyiliga tayansa, ijro hokimiyati faoliyatida pog’onaviylik tamoyili ustun turadi. Monteske fikriga ko’ra ―hokimiyatning bu tarmog’i ijroning tezkorligiga asosiy e‘tiborni qaratgani uchun bir kishi tomonidan yaxshiroq boshqariladi‖. Ierarxiyasiga ko’ra ijro hokimiyatida uning siyosiy bo’g’imi ajratiladi: prezident, premer-ministr, oliy mansabdor shaxslar. O’zbekiston Respublikasida hukumat — O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi davlat hokimiyatining oliy ijrochi va boshqaruvchi organi hisoblanadi. U iqtisodiyotning, ijtimoiy va ma‘naviy sohaning samarali faoliyat ko’rsatishiga, qonunlar ijro etilishiga, Oliy Majlisning qarorlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining bajarilishiga rahbarlikni ta‘minlaydi. Mahalliy Ijro etuvchi hokimiyat organlari O’zbekiston Respublikasi qonunlarini, Prezident farmonlarini, davlat hokimiyati yuqori organlarining qarorlarini amalga oshiradi. Viloyat, tuman va shaharlarda Ijro etuvchi hokimiyatni hokim boshchiligidagi viloyat, tuman va shahar hokimliklari boshqaradi.