Ijtimoiy himoya

Ijtimoiy himoya — keng ma’noda — mamlakat aholisini ijtimoiy va moddiy muhofaza qilinishini ta’minlaydigan va jamiyatda qaror topgan huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy chora-tadbirlar majmui; tor ma’noda — davlat va jamiyatning yoshi, salomatligi holati, ijtimoiy ahvoli, tirikchilik vositalari bilan yetarli ta’minlanmagani tufayli yordamga, ko’makka muhtoj fuqarolar to’g’risidagi g’amxo’rligi. Uning asosiy maqsadi aholi farovonligining to’xtovsiz yaxshilanishini ta’minlash, aholi qatlamlarining ta’lim, madaniyat, kasb malakasi, daromadlari jihatidan keskin tafovutlariga barham berish, jamiyat tomonidan insonga munosib hayot darajasini va inson taraqqiyotini ta’minlashga yordam berishdan iborat. Ijtimoiy himoyaning asosiy yo’nalishlari: erkin ijtimoiy- iqtisodiy faoliyat ko’rsatishni ta’minlash; ish bilan bandlik, kasb tanlash, o’qish va bilim olish; daromadlarning kafolatlanishi; har bir fuqaroning o’z iqtisodiy faoliyatida daromadga ega bo’lishi; iste’molchilar himoyasi, iste’molchilar jamiyatlari; tovarlar va xizmatlar sifati, iste’mol kafolatini ta’minlash; aholiga tibbiy xizmat ko’rsatish; ijtimoiy ta’minot tizimi va aholining muhtoj, kam ta’minlangan qismlariga pensiyalar, nafaqalar, turli xil imtiyozlar berish. Rivojlangan demokratik jamiyatda Ijtimoiy himoya vazifalarini bajarishni davlat o’z zimmasiga oladi. «Ijtimoiy himoya» tushunchasi birinchi marta 1935 yilda AQShning «Ijtimoiy xavfsizlik bo’yicha qonun» ida qo’llanilgan, keyinchalik xalqaro mehnat tashkiloti konventsiyalarida bu tushuncha mazmuni mukammallashtirilgan. AQSh, Kanada, Shveytsariya kabi mamlakatlarda Ijtimoiy himoyaning ko’pgina muammolari hal etilgan, lekin yechimini topmagan muammolari ham juda ko’p. Shunga qaramay, bu mamlakatlar tajribalaridan foydalanish ahamiyatlidir. Turli mamlakatlarda aholini Ijtimoiy himoya tizimi mamlakatning iqtisodiy taraqqiyot darajasi, demokratik taraqqiyot va uning aholi manfaatiga muvofiqligi, ijtimoiy siyosat darajasi, ijtimoiy ta’minot tizimi kabi omillarga bog’liq holda amal qiladi. O’zbekistonda Ijtimoiy himoya tizimi 20-asrning 20-yillaridan boshlab shakllana boshladi. 90-yillarga kelib, bozor iqtisodiyotiga o’tish asosida amaldagi islohotlarga mos ravishda yangidan shakllandi. Ayniqsa, milliylik, o’zlikni anglash, e’tiqod va an’analarning tiklanishi Ijtimoiy himoya tizimiga muhim yangilik bo’lib qo’shildi. O’zbekistonda aholini Ijtimoiy himoya qilish iqtisodiy islohotlar dasturidagi uzluksiz ustuvor yo’nalishlardan biriga, ya’ni islohotlarning hamma bosqichlarida ustuvor hisoblanadigan vazifalar qatoriga kiradi. Mamlakatda ijtimoiy yo’naltirilgan bozor iqtisodiyoti barpo qilishda davlat tomonidan kuchli Ijtimoiy himoya siyosati olib borilmoqda. Kuchli ijtimoiy siyosat O’zbekistonning o’z istiqlol va taraqqiyot yo’lining yetakchi tamoyillaridan biri hisoblanadi. Respublikada Ijtimoiy himoyaning huquqiy muhiti yaratildi, unga qonuniy asos solindi. Ijtimoiy himoya tamoyillari O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida kafolatlanib, qabul qilingan qonunlarda o’z aksini topdi. Mamlakatda daromad olishning kafolatlanishi amalga oshirildi. Keng miqyosda yangi ish joylari yaratilishi aholini ish bilan ta’minlash ishsizlik muammosini hal qilmoqda (mamlakatda ishsizlikning statistik ko’rsatkichi — 0,5—0,6%). Bunda, ayniqsa, kichik va o’rta biznesni rivojlantirish, kasanachilik qo’l kelmoqda. Tovarlar sifati, aholiga xizmat ko’rsatish sohalarida amalga oshirilayotgan tadbir-choralar iste’molchilar himoyasini shakllantirib, aholi manfaatlarini ta’minlamoqda. Inflyasiyaning oldini olish, so’mning xarid kuchini saqlash, biznes-tijorat ustidan davlatning maromiy nazoratini o’rnatish, marketing, savdo, reklama kabilarni tartiblashtirish Ijtimoiy himoyani rivojlantirmoqda. Ekologiya bilan bog’liq bir qancha katta himoyalash ishlari amalga oshirilib, suv, havo, yer va mahsulot tozaligiga erishilmoqda. O’qish, bilim olish, kasb tanlash O’zbekistonda amalga oshirilayotgan kadrlar tayyorlashning milliy dasturi asosida tubdan yangilanmoqda. Ta’limga ajratilgan mablag’lar keyingi 7 yil (1995-2002 yillar) ichida yiliga yalpi ichki mahsulotning 7,1—7,76% ini, ajratilgan mablag’ byudjet xarajatlarining 21,77—24,12 %ini tashkil etdi. Bu dunyodagi eng yuqori ko’rsatkichlardan hisoblanadi. Tibbiyotda o’tkazilayotgan islohotlar natijasida aholiga sog’liqni saqlash sohasida ko’rsatiladigan xizmatlar samaradorligini ko’tarish choralari amalga oshirildi. Inflyasiyata qarshi choralar ham Ijtimoiy himoyada muhim ahamiyatga ega. Keyingi yillarda uning o’rnini to’la qoplash mumkin bo’lmasa ham zarar kuchini pasaytirish maqsadida ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va ijtimoiy nafaqalar miqdori oshirilmoqda (1998 yilda — 50%, 2000 yilda — 60% va 2002 yilda — 30%). Bozor munosabatlariga o’tish va ijtimoiy-iqtisodiy tizimni isloh qilish davrida aholini yalpi Ijtimoiy himoya qilish tizimidan ishonchli ijtimoiy kafolatlar va aholini, ayniqsa, uning nochor guruxlarini aniq manzilli va maqsadli ijtimoiy qo’llab-quvvatlash tizimi barpo etildi. Bu tizimda mahalla Markaziy o’rinda turadi. 1999 yilda ushbu tizim orqali kam ta’minlangan oilalar — jami 3 million kishi (mamlakat aholisining 12,2%) va bolali oilalar — 6,5 milliondan ortiq kishi (27%) moddiy yordam oldi. Bir oila uchun yordam puli bolalar nafaqasi bilan birga oyiga 3,4 eng kam ish haqini tashil qiladi. Bu sohada Ijtimoiy himoya, asosan, kam ta’minlangan oilalar uchun turli nafaqalar berish, aholining ba’zi guruhlari uchun imtiyozlar yaratish, yolg’iz qariya va nogironlarni davlat hisobidan boqish va boshqalar asosida amalga oshiriladi. Respublika Prezidentining «Kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid chora-tadbirlar to’g’risida»gi farmoniga (1994 yil 23 avgust) ko’ra, voyaga yetmagan farzandlari bo’lgan ko’p bolali oilalar, kam pensiya olayotganlarning oilalari, nogironlarning oilalari, ishsizlar va boquvchisini yo’qotganlarning oilalari, yolg’iz pensionerlar va kam daromad olayotgan muhtoj oilalarga moddiy yordam berilmoqda. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996 yil 10 dekabrdagi farmoni bilan 16 yoshgacha farzandi bo’lgan kam ta’minlangan oilalar davlatning alohida otalig’iga olindi, 2002 yil 25 yanvardagi farmonga binoan ijtimoiy yordam ko’rsatiladigan farzandli oilalar doirasi umumta’lim maktablarida, akademik litseylarda va kasbhunar kollejlarida o’qiyotgan 18 yoshgacha farzandi bo’lgan oilalar hisobiga kengaytirildi. Bulardan tashqari O’zbekistonda norasimiy ijtimoiy yordam turlari ham mavjud; ularga qarindoshlarning o’zaro yordami, milliy va diniy urf-odatlar asosida qilinadigan yordam, korxona va tashkilotlarning pensionerlarga, kam ta’minlangan ko’p bolali oilalarga, beva-bechoralarga yordam puli berishi kiradi. Respublikada ayollar, bolalar, keksalarga alohida g’amxo’rlik ko’rsatiladi. Ijtimoiy himoya doirasida 1998 yil «Oila yili», 1999 yil «Ayollar yili», 2000 yil «Sog’lom avlod yili», 2001 yil «Bolalar yili», 2002 yil «Qariyalarni qadrlash yili» deb e’lon qilingani va ularga taalluqli maxsus dasturlarni amalga oshirish mavjud Ijtimoiy himoya muammolarini hal qilish va bunga jamoatchilikni jalb etishda yaxshi samaralar berdi. 1995 yilda byudjet xarajatlarining 21,8%, 2000 yilda 29,6% ijtimoiy sohaga ajratildi. 1999 yildan boshlab YAIM o’sishi aholi o’sishi sur’atidan ustun bo’lishiga erishildi. Bu turmush darajasi o’sishining va Ijtimoiy himoya rivojining zaminidir. Umr uzunligi 70,3 yoshni (1999 yil) tashkil etdi. «O’zbekiston Respublikasi aholisini 2010 yilgacha bo’lgan davrga mo’ljallangan ijtimoiy himoya tizimining yagona kontsepsiyasi» ishlab chiqilgan. Unda Respublikada mavjud bo’lgan Ijtimoiy himoya va ijtimoiy yordam, pensiya ta’minoti, bolalarga nafaqa to’lash, yolg’iz keksalarga xizmat ko’rsatish, nogironlarni protez-ortopediya buyumlari, harakatlanish vositalari bilan ta’minlash, shuningdek, tibbiy, mehnat va ijtimoiy jihatdan tiklash, tibbiy xizmat, ishsizlarni ishga joylashtirish va moddiy yordam berish, bir yo’la (nomuntazam) yordam tizimlari asoslarida amalga oshirilishi belgilangan. O’zbekistonda 2000 yilda Respubli- ka davlat byudjetidan 72,4 milliard, so’m (YaIMning 2,3%) Ijtimoiy himoyaga ajratildi. Ad.: Inson taraqqiyoti to’g’risida ma’ruza. [O’zbekiston — 2000], T., 2001. Muxtor Rasulov.