Ijtimoiy jamg’arma
Ijtimoiy jamg’arma, ijtimoiy fond — fuqarolar va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriy mulkiy badallar qo’shish asosida ta’sis etilgan tashkilot. Ijtimoiy jamg’arma xayriya, ijtimoiy, madaniy, ma’rifiy yoki boshqa ijtimoiy foydali maqsadlarni ko’zlab tuziladi, ularning a’zolari bo’lmaydi. Ijtimoiy jamg’armaning rahbar organini ta’sischilar va qatnashchilar tuzadi yoki bu organ Ijtimoiy jamg’arma ta’sischilari karori bilan, yo bo’lmasa qatnashchilar tomonidan qurultoy (konferentsiya) yoki umumiy majlisda saylash yo’li bilan tuziladi. O’zbekistonda xalqaro, respublika, mahalliy Ijtimoiy jamg’arma, shuningdek, turli xalqaro jamg’armalarning bo’limlari tashkil qilingan. Muassislar o’zlari tashkil etgan jamg’arma (fond)ning majburiyatlari bo’yicha, jamg’arma (fond) esa o’z muassislarining majburiyatlari bo’yicha javob bermaydi. Ijtimoiy jamg’arma mol-mulkdan o’z ustavida belgilangan maqsadlar uchun foydalanadi. Jamg’arma (fond) o’z ustavida nazarda tutilgan tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanishga haqli, buning uchun xo’jalik jamiyatlari tuzishi yoki ularda ishtirok etishi mumkin. Ijtimoiy jamg’armaning faoliyat yuritish tartibi O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksida belgilab berilgan (75-modda).