IJTIMOIY YORDAM

IJTIMOIY YORDAM — davlat va jamiyatning qariligi, sog’lig’i, ijtimoiy ahvoli, tirikchilik uchun vositalar bilan yetarli ta’minlanmagani tufayli yordamga muhtoj fuqarolar to’g’risida g’amxo’rligi. Ijtimoiy yordam (ijtimoiy himoya, ijtimoiy ta’minot) pensiyalar, nafaqalar to’lash, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko’rsatish, 16 yoshgacha Farzandi bo’lgan kam ta’minlangan oilalarga oylik nafaqa to’lash, bemorlar va keksalarga xizmat ko’rsatish, bolalarga g’amxo’rlik qilish ko’rinishida amalga oshiriladi. Mehnatga layoqatsizlarni moddiy ta’minlashning qatiy kafolatli tizimi ijtimoiy sug’urta deb ataladi.