Ikki komponentli sistemalar

Ikki komponentli sistemalar, qo’sh sistemalar, binar sistemalar — ikki mustaqil tarkibiy qism (komponent)dan iborat fizik-kimyoviy sistemalar. Ikki komponentli sistemalarni o’rganish komponentlarning bir-biriga qanday ta’sir ko’rsatishini aniqlashga yordam beradi. Bu o’zaro ta’sir holat diagrammasi orqali ifodalanadi. Diagrammaning abtsissalar o’qiga komponentlarning kontsentrasiyasi (miqdori), ordinatalar o’qiga fazaviy o’zgarishlar temperaturasi qo’yiladi. O’zaro ta’siriga qarab, komponentlar suyuq va qattiq holatlarda bir-birida har qanday nisbatda eriydigan yoki shu holatlarda ma’lum chegaragacha eriydigan, kimyoviy birikmalar hosil qiladigan, suyuq holatda bir-birida erimaydigan yoki qisman eriydigan sistemalarni tashkil etadi.