IKKINCHI JAHON URUSHI

IKKINCHI JAHON URUSHI (1939— 45) — Germaniya, Italiya va Yaponiyaning aybi bilan boshlangan jahon tarixidagi eng yirik urush. 20-asr fojiasi sifatida insoniyat tarixiga kirdi. Bu urushning kelib chiqishida asosiy rolni fashistlar Germaniyasi o’ynadi. G’arb mamlakatlari (Angliya, Frantsiya, AQSh) hukmron doiralarining «kelishtirish» siyosati Avstriyani (1939 yil mart), Chexoslovakiyani (1939 yil mart) Germaniyaga qo’shib olinishiga va Myunxen bitimiga (1939 yil sent.) yo’l ochib berdi. Ikkinchi jahon urushining boshlanishida SSSRning ham aybi bor. 1939 yil 23 avgustda SSSR bilan Germaniya o’rtasida 10 yil muddatga hujum qilmaslik to’g’risida shartnoma imzolandi. Bu shartnomaning maxfiy qo’shimcha ahdnomasiga muvofiq, Germaniya va SSSR Sharqiy Yevropada o’zlarining ta’sir doiralarini bo’lib oldilar. Har ikki mamlakat manfaatlari, avvalo, Polsha davlati bilan bog’liq edi. Sovet tomoni G’arbiy Ukraina, G’arbiy Belorussiya va Bessarabiya (1921 yilda boy berilgan) hududlarini qaytarib olmoqchi edi. Shuningdek, Germaniya Boltiqbo’yi mamlakatlariga da’vo qilishdan qam voz kechdi. Germaniya bilan SSSR shartnomaga muvofiq Polilaga bir vaqtda qo’shin kiritishlari kerak edi. SSSR bu majburiyatni bajarmadi. 1939 yil 1 sentabrda Germaniyaning bir o’zi Polshaga bostirib kirdi va Ikkinchi jahon urushini boshlab berdi. 3 sentabrda Angliya va Frantsiya Germaniyaga qarshi urush e’lon qildi. SSSR 1939 yil 17 sentabrda Polsha hududiga qo’shin kiritdi. Ko’p o’tmay Brestda nemis qo’mondoni T. Guderian va sovet generali S. M. Krivosheiy qo’mondonligida Polshaning bo’lib olinishi munosabati bilan qo’shma sovet-german paradi o’tkazildi. SSSR Ikkinchi jahon urushi bahonasida o’z hududlarini kengaytirish va chegaralarini mustahkamlashga kirishdi. 1939 yil 30 noyabr- 1940 yil martda SSSR bilan Finlyandiya o’rtasida harbiy to’qnashuv bo’ldi. Bundan SSSR manfaatdor edi. O’zaro urush natijasida SSSR Finlyandiyaning bir qator hududlarini (Leningradga chegaradosh yerlar) tortib olib, shimoliy- g’arbiy chegaralarini mustahkamlab oldi. 1940 yil yozida SSSR ning rasmiy talabi bilan Ruminiya Bessarabiya va shimoliy Bukovinani sovetlarga berishga majbur bo’ldi. 1940 yil iyunda Estoniya, Latviya va Litva sovet qo’shinlari tomonidan bosib olinib SSSRga kiritildi. 1940 yil aprel mayda nemisfashist qo’shinlari Daniya va Norvegiyani istilo qildi, 1940 yil 14 mayda — Niderlandiya, 28-mayda — Belgiya taslim bo’ldi. Shundan so’ng fashist qo’shinlari Lyuksemburg va Gollandiyani bosib olib, ular hududi orqali Frantsiyaga (22 iyunda taslim bo’ldi) bostirib kirdi. Sovet hukumati fashistlar Germaniyasini Yevropaning navbatdagi poytaxtini bosib olishi munosabati bilan tabriklab bordi. Internasionalning Direktivalarida fashizmga qarshi targ’ibotni to’xtatish haqidagi talablar paydo bo’ldi. 1940 yil 27 sentabrda Germaniya, Italiya va Yaponiya davlatlari Berlinda «uchlar Ittifoqi»ni tuzish haqidagi shartnomaga imzo chekishdi. 1940 yil 28 oktabrda fashistlar Italiyasi Gretsiyaga bostirib kirdi. 1940 yil 20-24 noyabrda Vengriya, Ruminiya va Slovakiya «uchlar Ittifoqi»ga qo’shildi. 1941 yil martda esa Bolgariyaning monarxiya-fashistik hukumati ham bu ittifoq safiga qo’shilishga rozilik bildirdi. 1940 yil 18 dekabrda Gitler SSSRga qarshi urush haqidagi 21sonli direktivasi «Barbarossa» rejasiga imzo chekdi. Fashistlar Germaniyasi SSSRga qarshi urush boshlashdan oldin 1941 yil 6-17 aprelda Yugoslaviyani bosib oldi. Shu yilning 13 aprelda SSSR Yaponiya bilan betaraflik haqida kelishib oldi. 1941 yil 20 may — 1 iyunda fashistlar Germaniyasi Krit orolini egalladi. 18 iyunda esa hujum qilmaslik va hamkorlik haqida Germaniya — Turkiya shartnomasi imzolandi. 1941 yil 22 iyunda fashistlar Germaniyasi SSSRga qo’qqisdan hujum boshladi. Vengriya, Ruminiya, Finlyandiya, Italiya uning tomonida turib urushga kirdi. Shu kuni Angliya hukumati SSSRni Germaniyaga qarshi urushda qo’llab-quvvatlashini ma’lum qildi. 24 iyunda F. Ruzvelt AQSh hukumati SSSRga yordam berishga tayyor ekanligini bildirdi. SSSR Germaniyaga qarshi urushning 1-davri (1941 yil iyun — 1941 yil noyabr) da, asosan, mudofaa xarakteridagi janglar olib bordi. Fashistlar Germaniyasi va ittifoqchilarining tajovuzkorona harakatining tobora avj olishi jahon mamlakatlarini tashvishga soldi. 1941 yil yozida fashistlar Germaniyasiga qarshi koalisiya tuzish yo’lida dastlabki qadam qo’yildi. 1941 yil 12 iyulda SSSR da Buyuk Britaniya hukumatlari fashistlar Germaniyasiga qarshi urushda birgalikda harakat qilish haqida qo’shilishib olishdi. 1941 yil 24 sentabrda Sh. ls Goll boshchiligida ozod Frantsiya (1942 yil iyuldan kurashayotgan Frantsiya) milliy qo’mitasi tuzilib, fashizmga karshi kurash boshladi. 1941 yil 5 dekabrda nemis-fashist qo’shinlarining Moskva jangidagi mag’lubiyati Gitlerning «yashin tezligidagi urush» deb atalmish rejasini puchga chiqardi va natijada unga qarshi urushga kirgan mamlakatlar soni ortdi. 1941 yil 7 dekabrda Yaponiya Pyorl- Xarborga hujum qilish bilan Buyuk Britaniya va AQShga qarshi urushni boshlab yubordi. 8 dekabrda AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlar Yaponiyaga, 11 dekabrda esa Germaniya va Italiya — AQSh ga, shu kuni AQSh fashistlar Germaniyasi va Italiyaga qarshi urush e’lon qildi. 1941 yil oxiri — 1942 yil boshida Yaponiya Malayziya, Indoneziya, Filippin, Birmani bosib olib, Avstraliaga tahdid sola boshladi. Sharqiy frontda esa nemisfashist qo’shinlari yozgi hujumlar natijasida Kavkaz bo’sag’asiga, Volga bo’yiga yetib keldi. 1942 yil 1 yanvarda Vashingtonda 26 davlat ishtirokida fashizmga qarshi kurashuvchi davlatlarning harbiy ittifoqi tuzilib, Deklaratsiya qabul qilindi. 1942 yil 26 mayda SSSR va Buyuk Britaniya o’rtasida fashistlar Germaniyasi va uning Yevropadagi tarafdorlariga qarshi urushda ittifoqchi bo’lish va urushdan keyin o’zaro yordam va hamkorlik qilish haqida shartnoma imzolandi. 1942 yil yoziga kelib antigitlerchi davlatlar soni yanada ortdi. 1 iyunda Meksika Germaniya, Italiya va Yaponiyaga, 22 avgustda Braziliya Germaniya va Italiyaga, 14 dekabrda Efiopiya — Germaniya, Italiya va Yaponiyaga qarshi urush e’lon qildi. Sharqda esa yapon militaristlari gollandiya Hindistonini (12 mart), Filippin orollarini (9 iyun) qo’lga kiritdi. Sovet qo’shinlari urushning 2-davri (1942 yil noyabr— 1943 yil oxiri) da stalingrad jangi va Kursk jangilagm g’alabalari natijasida Germaniya qo’shinlari qo’mondonligi strategik tashabbusni butunlay qo’ldan chiqardi. SSSRda na boshqa hududlarda qarshilik ko’rsatish harakati avj oldi. 1943 yil 13 yanv.arda Gitler urushda tashabbusni yana qo’lga olish maqsadida ommaviy safarbarlik e’lon qildi, Lekin shunga qaramasdan 1943 yil may oyiga kelib shimoliy Afrika, Angliya—AQSh qo’shinlari tomonidan ozod qilindi. 1943 yil iyul-avgust oylarida Angliya— Amerika desant qo’shinlari Sisiliya oroliga tushirildi. 1943 yil 25 iyulda Italiyada Mussolini osib o’ldiriddi va fashistlar rejimi tugatildi. 3 sentabrda Italiya so’zsiz taslim bo’lganligi haqidagi hujjatga imzo chekdi. 1943 yilga kelib fashizmga qarshi bo’lgan kuchlar tobora kuchayib bordi. 1943 yil 3 iyunda Jazoirda Frantsiya milliy ozodlik qo’mitasi tuzildi. 12-13 iyulda Germaniyada ozod Germaniya milliy qo’mitasi tashkil qilindi. Avgust— sentabr oylarida Bolgariya vatanparvarlari frontining milliy qo’mitasi yuzaga keldi. 1943 yil sent.—oktabr oylarida partizanlar bilan kurashayotgan Frantsiya harakati qismlari hamkorligida korsika oroli ozod etildi. 1943 yil 16 yanvarda Iroq, 7 aprelda Boliviya Germaniya, Italiya va Yaponiyaga qarshi urushga kirdi. 1943 yil 13 oktabrda Italiya o’zining sobiq ittifoqchisi Germaniyaga qarshi urush e’lon qildi. SSSR, Angliya va AQSh hukumatlari Italiyani «birgalikda urushayotgan mamlakat» deb tan oldi. 1943 yil 27 noyabrda Kolumbiya Germaniyaga qarshi urushga qo’shildi. SSSR, AQSH va Angliya huqumat boshliqlari Tehron konferentsiyasiyaa Angliya — Amerika qo’shinlarini shimoliy Frantsiyaga tushirish yo’li bilan Yevropada ikkinchi frontni ochish g’oyatda muhim ekanligini tan olishdi. Fashizmga qarshi urushning 3-davri (1944 yil yanvar — 1945 yil may) boshlarida sovet qo’shinlari SSSR hududining deyarli hammasini ozod qildi. Ittifoqchilar 1944 yil 6 iyunga kelibgina Frantsiyaga o’z qo’shinlarini tushirib, Yevropada ikkinchi frontni ochdilar va sentabrda Frantsiya qarshilik ko’rsatish harakati kuchlarining faol ishtirokida Frantsiya hududining deyarli hammasi fashist bosqinchilaridan ozod qilindi. 1944 yil 27 martda sovet qo’shinlari Ruminiya hududiga kirib bordi. 13 martda SSSR, AQSh va Buyuk Britaniya hukumatlari Germaniya tomonida turib urushayotgan Vengriya, Ruminiya, Bolgariya va Finlyandiyaga urushni to’xtatish haqida murojaat qildi. Natijada bu mamlakatlarda fashizmga qarshi bo’lgan kuchlar harakati faollashdi. 1944 yil mayda Ruminiyada fashizmga qarshi birlashgan ishchilar fronti, Vengriyada esa Vatanparvar kuchlar fronti, (2 dekabrdan Milliy mustaqillik fronti) yuzaga keldi. 21 iyulda Polshada Milliy ozodlik qo’mitasi tashkil bo’ldi. 1944 yil 25 iyulda Gitler mamlakatda «o’ta ommaviy safarbarlik» e’lon qildi. Gitlerning bu tadbiri ham yordam bermadi. U bosib olgan mamlakatlarda ozodlik harakatlari avj oldi. 1944 yil 1 avgust-2 oktabrda Varshavada, 19-25 avgustda Parijda, 23 avgustda Ruminiyada, 6— 10 sentabrda Bolgariyada fashist bosqinchilariga qarshi qurolli qo’zg’olonlar bo’ldi. Natijada, jahon urushi maydonida kuchlar nisbati tubdan o’zgardi. Germaniya ittifoqchilari o’rtasida parokandalik boshlandi. 1944 yil 26 yanvarda Liberiya, 24 avgustda Ruminiya, 15 sentabrda Finlyandiya, 28 dekabrda Vengriya, 1945 yil Fevaralda Peru, Urugvay, Venesuela, Turkiya, Misr, Livan, Suriya, Saudiya Arabistoni, Paragvay, Ekvador, Chili kabi mamlakatlar, 27 martda esa Argentina fashistlar Germaniyasi va Yaponiyaga qarshi urush e’lon qildilar. Sovet qo’shinlari 1944 yil o’rtalarida Markaziy va Janubiy Sharqiy Yevropa mamlakatlarini vatanparvar kuchlar yordamida ozod qilishga kirishdi. Shu yili ittifoqchi qo’shinlar shimoliy Italiyani va G’arbiy Germaniyaning bir qator rayonlarini ozod qildi. 1945 yil 4-11 Fevralda SSSR, AQSh va Angliya davlat rahbarlari ishtirokida bo’lgan Qrim (Yalta) konferentsiyasida, Germaniyani batamom tor-mor qilish rejalari, shuningdek, dunyoning urushdan keyingi siyosiy tuzilishi masalalari xususida kelishib olindi. Amerika—Angliya kurolli kuchlari Tinch okeanidagi Marshall va Mariana orollarini (1944), Filippinni va Yaponiyaning Okinava orolini (1945) egalladi. 1945 yil 25 aprelda sovet va Amerika qoshinlari Elbada uchrashdi. 3 mayda Angliya qo’shinlari birma qarshilik harakati kuchlari bilan hamkorlikda poytaxt — Rangunni ozod qildi. 1945 yil 2 mayda sovet qo’shinlari Berlinni ishg’ol qildi. A. Gitler o’zini o’ldirdi. 8 mayda Berlin yaqinidagi karlsxorstda Germaniya oliy qo’mondonligi vakillari fashistlar Germaniyasining 2-jahon urushida so’zsiz taslim bo’lganligi haqidagi hujjatga imzo chekdi. 9 mayda sovet qo’shinlari, Chex qarshilik harakati kuchlari ishtirokida Chexoslovakiyaning poytaxti Pragani ozod qildi. SSSR, AQSh va Angliya hukumatlari boshliklarining Berlin konferentsiyasida, asosan, Germaniya masalasi, uning keyingi taqdiri va taraqqiyot yo’li, uni demilitarizasiyalash va demokratiyalash masalasi ko’rildi. Konferentsiyada SSSR hukumati Yaponiyaga qarshi ittifoqchilar bilan birgalikda urushga kirishini yana bir bor ta’kidladi. AQShning havo kuchlari harbiy zaruriyat yo’qligiga qaramay Yaponiyaning Xirosima (1945 yil 6 avgust) va Nagasaki (9 avgust) shaharlariga atom bombalari tashladi. Buning natijasida har ikki shahar aholisidan 102 mingga yaqin kishi halok bo’ldi, 16 ming kishi bedarak ketdi, 61 ming kishi yarador va 324 ming kishi kuchli radiatsiya bilan zaharlandi. 1945 yil 8 avgustda SSSR olgan majburiyatiga binoan Yaponiyaga urush e’lon qildi va 9 avgustda unga qarshi harbiy harakatlarni boshladi. SSSR bilan birgalikda, 10 avgustda Mongoliya Xalq Respublikasi (MXR), 11 avgustda Xitoy xalq ozodlik armiyasi yapon bosqinchilariga qarshi urushga kirishdi. Manjuriyadagi yapon qo’shinlari sovet armiyasi tomonidan tor-mor qilingach, Yaponiya 1945 yil 2 sentabrda so’zsiz taslim bo’lganligi haqidagi hujjatga qo’l qo’ydi. Shu tariqa Ikkinchi jahon urushiga yakun yasaldi. Nyurnberg sud jarayoni (1945 yil 20 noyabr— 1946 yil 1 oktabr)da natsist harbiy jinoyatchilari ustidan xalqaro sud o’tkazilib, unda 20 kishi: G. Gering (u o’zini o’ldirdi), V. Keytel, E. Kaltenbrunner, I. Ribbentrop, G. Gess va boshqalar adolatli jazolandi. Fashistik tashkilotlar: Natsional-sotsialistik partiya (natsistlar), Gestapo, SS, SD, butun insoniyatga qarshi qaratilgan jinoyatchi tashkilotlar deb e’lon qilindi. Nyurnbergda bo’lib o’tgan bu xalqaro sud Ikkinchi jahon urushiga so’nggi nuqtani qo’ydi. Ikkinchi jahon urushiga 72 davlat jalb etildi. Urushda ishtirok qilgan mamlakatlarning 110 million aholisi unga safarbar etildi. Harbiy harakatlar 40 davlat hududida bo’lib o’tdi, barcha xarajatlar 4 trillion dollarni tashkil etdi. Urush davomida 62 million kishi (shu jumladan 27 million SSSR fuqarosi) halok bo’ldi. 1941 yil 22 iyunda Germaniya SSSRga hujum qilgach, SSSR tarkibida bo’lgan O’zbekiston xalqlari ham bu urush girdobiga majburan tortilgan edi. O’sha kuni mamlakatda harbiy holat joriy etildi. Gitlerchilarning Sharqqa doir harbiy rejalarida SSSRni qisqa muddatli kompaniya jarayonida mag’lub qilish va urushni 1941 yil kuzida tamomlash mo’ljallangan edi. Yashin tezligida boshlangan urush sovet rahbariyatida sarosimani yuzaga keltirdi. 29 iyundagina Xalq Komissarlari Soveti (XKS) nomidan joylarga ko’rsatmalar yuborildi. I. V. Stalin faqat 3 iyuldagina xalqqa murojaat bilan chiqdi. 1941 yil 30 iyunda Davlat mudofaa qo’mitasi (DMQ) tuzildi. Uning Raisi I. V. Stalin 8 avgustda SSSR Qurolli kuchlari Oliy Bosh qo’mondoni lavozimini egalladi. Urushning dastlabki kunlari mamlakatning barcha iqtisodiy- ma’naviy kuchlarini zudlik bilan mudofaa manfaatlariga bo’ysundirish, xalq xo’jaligini to’liq harbiy izga solish lozimligi xususida qarorlar, ko’rsatmalar qabul qilindi. Urush davrining musibatlarini o’z boshidan kechirgan kishilarning xotiralaridan ma’lum bo’lishicha, odamlar o’sha vaqtda sovet rejimini himoya qilish zaruriyati haqida kam o’ylar edilar. Xalqning aksariyat qismi mustabid tuzumni qoralar edi. Chunki, xalqning xotirasidan hali Turkiston Muxtoriyatinij qonga belanganligi, istislolchilik harakatining zo’ravonlik bilan bostirilishi, diniy e’tiqod uchun ta’qib qilishlar esdan chiqmagandi. Jamoalashtirishning stalincha zo’ravonlik bilan amalga oshirilishi natijasida yuz bergan jinoyatlar xotiradan ko’tarilmagan edi. Mustabid tuzumning ommaviy qatag’onlaridan qolgan yaralar hali bitmagan edi. Biroq, o’zbek xalqining fashizmga bo’lgan nafrati mustabid tuzum yetkazgan g’am-alamni orqa o’ringa surib qo’ydi va u dushmanga qarshi otlandi. Shuningdek, mustabid tuzumning «mafkura mashinasi» ham benuqson ishladi — u SSSR tarkibidagi barcha mustamlaka xalqlarni fashizmga qarshi kurashga safarbar qila oldi. O’zbek xalqining Ikkinchi jahon urushidagi ishtirokining axloqiy-ma’naviy jihatdan asosi shundaki, bu urushda o’zbek xalqi fashizmdan faqat SSSRnigina emas, eng avvalo, O’zbekistonni himoya qilishni, uni yana bir bosqinchidan saqlab qolishni maqsad qilib qo’ygan edi. Sovet—german urushi boshlang’ich davrining eng murakkab vazifalaridan biri iqtisodiyotni harbiy izga solish edi. Bu mas’uliyatli vazifani SSSRning qariyb 40% aholisi istiqomat qiladigan, ko’mirning 63% qazib olinadigan, po’latning 50% ishlab chiqariladigan, donning 38% yetishtiriladigan, ayniqsa, ko’pgina mudofaa korxonalari joylashgan hududni fashistlar bosib olgan bir paytda hal qilish kerak edi. Front yaqinidagi hududlardan mamlakat ichkarisiga ko’chirilayotgan aholi, sanoat korxonalari, o’quv-yurtlari va boshqalarning ko’pchiligi O’zbekistonga yuborildi. Chunonchi, O’rta Osiyo va Qozog’istonga evakuatsiya qilingan 308 sanoat korxonasining 104 tasi («Len-Tekstilmash», «Rostselmash», «Krasniy Aksay», Moskvadagi «Elektrokabel» va «pod’yemnik», Chkalov nomidagi aviatsiya zavodi, «Krasniy put», Kiyev «Transsignal» zavodlari, Stalingrad kimyo kombinati va boshqalar), 30 dan ortiq harbiy gospital, harbiy artilleriya (to’pchi) akademiya, bir necha harbiy bilim yurtlari ko’chib keldi. Rossiya hududidan turli millatga mansub 200 ga yaqin yozuvchi va shoirlar (masalan, A. Axmatova, A. Tolstoy, V. Yan, M. Shaginyan va boshqalar) Toshkentga ko’chib kelib, shu yerda ijod qildilar. Rossiya, Ukraina va Belorussiyaning fashistlar bosib olgan hududlaridan 1 milliondan ortiq kishi, jumladan 200 ming bola O’zbekistonga evakuatsiya qilinib, ularga 135 ming kvadrat metr hajmda uy-joy ajratib berildi. Ko’pgina o’zbek oilalari ikkita va undan ortiq etim bolalarni o’z tarbiyalariga (jumladan, Sh. Shomahmudovlar oilasi — 14, H. Samadovlar oilasi — 12, M. Jo’raeva va Ashurxo’jaevlar oilasi 8 tadan bolalarni o’z tarbiyalariga oldilar. 1943 yil oxiriga kelib shaharlarda 4672 bola, qishloqlarda esa 870 bola o’zbek oilalari tomonidan tarbiyaga olinib, ularga xaqiqiy insonparvarlik va mehr-shafqat namunasi ko’rsatildi. O’zbekistonga ko’chirib keltirilgan sanoat korxonalari niqoyatda qisqa muddatda ishga tushirildi. 1941 yil dekabrda Evakuatsiya qilingan korxonalarning qariyb 50 tasi, 1942 yil 1 yanvarda esa barchasi qayta qurilib to’la quvvat bilan mahsulot bera boshladi. Bu harbiy korxonalarni ishga tushirishga shaharliklardan tashqari qariyb 500 ming kolxozchi- dehqonlar jalb qilindi. Korxonalarni harbiy izga o’tkazish harbiy kommunistik usulda amalga oshirildi: 1941 yil 26 iyundan boshlab mamlakatda ishchilar va xizmatchilar uchun ishdan tashqari vaqtda majburiy ishlab berish, katta yoshdagilar uchun xaftada 6 kunlik ish joriy etildi, ish vaqti 11 soatgacha uzaytirildi, ta’tilga chiqish bekor qilindi. Idora xizmatchilari, uy bekalari, o’quvchilar ishlab chiqarishga jalb qilindi. Agar 1940 yilda sanoat ishchilari orasida xotin-qizlar salmog’i 34%ni tashkil qilgan bo’lsa, 1942 yilda bu ko’rsatkich 63,5% ga yetdi. Mehnat intizomini buzganlar uchun jazo choralari keskin qo’yildi. Korxonalardan o’zboshimchalik bilan ketib qolganlar 5 yildan 8 yilgacha muddatga qamoqqa hukm qilindi. 1941 yil dekabrda O’zbekiston sanoat korxonalaridan 230 tasi (birgina Toshkentda 63 korxona) harbiy izga ko’chirilib, front uchun qurol-yarog’ ishlab chiqarishga kirishdi. O’zbekistonda harbiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi sanoatning o’sishi va rivojlanishi bilan birga xom ashyo va yoqilg’i-energetika bazasini kengaytirish vazifasi ham keskin bo’lib turdi. Ayniqsa, rangli metallarga, neft va ko’mirga bo’lgan ehtiyoj kuchaydi. 1942 yilda Langar molibden koni zaminida molibden fabrikasi barpo etildi. Qo’ytosh va Qoratepa rangli metallar konining quvvati keskin oshirildi. Olmaliqda mis va boshqa rangli metallarning boy konlari topildi. Angren ko’mir koni respublikaning birinchi ko’mir markaziga aylandi. 1942 yil boshlarida l-Oqtepa va 2-Oqqovoq GESlari, shuningdek, Farhod GES umumxalq hashari bilan bunyod etilishi respublikada front ehtiyojlari uchun ishlayotgan sanoat korxonalarini elektr energiyasi bilan ta’minlashda muhim rol o’ynadi. O’zbekistonda urush yillarida 280 ta yangi korxona barpo etildi. Respublikaning sanoat potentsiali 1945 yilga kelib 1940 yildagiga nisbatan deyarli 2 barobar ko’paydi, neft qazib olish 4 barobardan ziyod, metall ishlash tarmoqlari mahsulotlari 4,8 barobar, mashinasozlik mahsulotlari 13,4 barobar, ko’mir qazib chiqarish 30 barobardan ko’proq, po’lat va prokat eritish 2 barobar, elektr Energiyasi ishlab chiqarish 2,42 marta ortdi. Buning natijasida O’zbekiston urush yillarida front uchun 2100 ta samolyot, 17342 ta aviamotor, 2318 ming dona aviabomba, 17100 ta minomyot, 4500 birlikdan iborat minalarni yo’q qiluvchi qurol, 60 mingga yaqin harbiy-kimyoviy apparatura, 22 million dona mina va 560 ming dona snaryad, 1 million dona granata, dala radiostantsiyalari uchun 3 million radio lampa, 330 mingga parashyut, 18 ta xarbiy-sanitariya va hammom kir yuvish poyezdi, 2200 ta Ko’chma oshxona va ko’pgina harbiy anjomlar yetkazib berish imkoniga ega bo’ldi. Respublika engil sanoat komissarligi korxonalari 1941-45 yillar mobaynida Jangchilar uchun 7518,8 mingta gimnastyorka, 2636,7 mingta paxtali nimcha, 2861,5 mingta armiya etigi tayyorlab berdi. Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizmga qarshi qo’lga qurol olib jang qilgan o’zbekistonlik jangchilarning umumiy tarkibidan 263000 dan ziyod kishi halok bo’ldi, 132670 kishi bedarak yo’qoldi, 60452 vatandoshimiz urushdan nogiron bo’lib qaytdi. Shuningdek, un minglab o’zbekistonlik jangchilar asirlikda bo’ldi. Mustabid tuzum ular bilan «ochiqchasiga» gaplashdi. Demak, frontga safarbar qilinganlarning Qar uchtasidan bittasi uyiga kaytmadi. Umuman, SSSR bo’yicha urush davrida fashistlar qo’lida 6,2 million kishi asirlikda bo’lgan. Urush oxiriga kelib ulardan 4 million kishi halok bo’lgan. Omon qolgan asirlar soni 1 milliondan sal ko’proqedi. Ulardan 60% dan ko’prog’i GULAG qamoqxonalariga tashlandi. Aybsiz surgun qilinib, sovet konslagerlariga jo’natilgan yoki otib tashlanganlar orasida o’zbekistonliklar ham oz emasdi. Taxminan hisoblarga qaraganda, o’zbekistonlik harbiy asirlardan 15 mingdan ortig’i sovet konslagerlariga yuborilgan. Ikkinchi jahon urushidagi bu g’alaba millionlab begunoh kishilarning, jumladan, O’zbekiston xalqining qoni, haddan ziyod mashaqqatli mehnati va uning buyuk insonparvarligi tufayli qo’lga kiritildi. O’zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, 35 jildli xotira kitobi tayyorlanib, nashr qilindi. Toshkentdagi Mustaqillik maydoni xiyobonida maxsus majmua qurildi (2000). 9 may — g’alaba kuni yurtimizda Xotira va qadrlash kuni sifatida har yili nishonlanadigan bo’ldi. Ad.: Vtoraya mirovaya voyna. Kratkaya istoriya, M., 1984; O’zbekiston Respu- blikasi Xotira kitobi — Kniga pamyati Respubliki O’zbekiston [maxsus jild], T., 1995; fashizm ustidan qozonilgan g’alabada O’zbekistonning tarixiy hissasi. 1941 — 1945 [ilmiy-nazariy konferentsiya materiallari], T., 1996; O’zbekistonning yangi tarixi, 2-kitob [O’zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Musallam Jo’raev.