Ilk qurol-yarog’ qaysi metaldan yasalgan?
Qurol — bu shunday bir vositadirki, uning madadida inson faqat o’zini himoya qilibgina qolmasdan, balki tajovuz ham qiladi. Odamzot quroldan ilk marta yirtqich hayvonlardan himoyalanish va ov qilish maqsadida foydalangan. U qurolni tabiat o’ziga ato etmagan chapdast changal va so’yloq tish o’rnida ishlatishga harakat qila boshladi. Qurollar yog’ochdan, toshdan yoki suyakdan tayyorlangan. Ularning ko’magida odamzot boshqa dushman odamlarning hujumidan ham o’zini himoya qilgan. Dushman odamlarning qo’lida ham suyakdan yasalgan xanjar va uchi o’tkirlangan nayza bo’lgan. Kishilar o’troq turmushga o’tishgach, ular bu joylarning daxlsizligi uchun ham kurashgan va qarorgohlarini dushmandan himoya qilgan. Shu boisdan, qurolli odam har qanday tajovuzdan himoyalanish ramzi bo’lib holdi. Miloddan taxminan 4000 yil ilgari misrliklar va mesopotamiyaliklar misdan qurol yasashga qaror qildilar. Lekin Amerika yevropaliklar tomonidan ochilishidan ming yillar oldin ham hindu qabilalari mis quroldan foydalanishgan. Ana shunday qabilalardan biri «sariq pichoqlar» deb ataladi. Bu nomlanishdagi «sariq» so’zining o’zi ushbu qabila tomonidan misdan qurollar tayyorlanganligiga ishoradir. Bu qabilaga mansub hindular misni Koppermayn daryosiga yaqin tog’dagi ruda konlaridan olishgan. Peru va Meksikada ham mis bir necha yuz yillar mobaynida ma’lum bo’lib, mahalliy modaparast qizlar undan tayyorlangan taqinchoqlarga rosa o’ch bo’lishgan. Misdan bu yerlarda ham asbob-uskunalar va qurollar tayyorlangan.