Ilon zahari

Ilon zahari — zaharli ilonlarning zahar bezidan chiqadigan sarg’ish yoki och yashil, hvdsiz tiniq suyuqlik. Quritilgan Ilon zaharining 70-90% i murakkab oqsil moddalar, qolgani anorganik moddalardan iborat. Zahar tarkibida erkin aminokislotalar, yog’lar, yog’ kislotalar, har xil tuzlar bor; natriy, kaltsiy, kaliy, rux, magniy, fosfor, kremniy, temir, kumush kabi elementlar ham uchraydi. Ilon zaharida 15 ga yaqin oqsil moddalar borligi elektroforsz usulida aniqlanib bu moddalarning biologik xossalari turlicha ekanligi qayd qilingan. Ulardan biri odam yoki hayvonni o’ldirsa, ikkinchisi qonni ivitadi, uchinchisi qizil qon tanachalarini yemiradi, boshqasi esa organizmga hech qanday ta’sir ko’rsatmaydi. Ko’zoynakli ilon zaharidan nervga ta’sir etadigan modda — neytrotoksin, ko’lbor ilon va charx ilon zaxaridan bir qancha fermentlar ajratib olingan. Ilon chaqqan odamning zaharlani-shida ana shu maxsus toksinlar va ba’zi Fermentlar asosiy rol o’ynaydi. Yaxshilab quritilgan va havo kirmaydigan qorong’i joyda saqlangan Ilon zahari 15-20 yilgacha barcha xossalarini saqlab qoladi. O’rta Osiyodagi zaharli ilonlar zaharining organizmga ta’siri ham bir xil emas, mas, ko’zoynakli ilon zahari, asosan, nerv sistemasiga, ko’lbor ilon, charx ilon va bo’sh ilon zahari esa, asosan, qon tomir devori va qonga ta’sir etadi. Bu ilonlar chaqqanda jarohatlangan joy va uning atrofi zahardagi gemorragik moddalar ta’sirida shishadi va qattiq og’riq paydo bo’ladi. Ilon zaharining ta’siri odamning qaysi joyini ilon chaqqaniga ham bog’liq. Ko’krak yoki bo’yinni chaqsa, juda xavfli, chunki bu qismda yirik qon tomirlar ko’p. Ilon chaqqanda ko’riladigan eng asosiy choralardan biri organizmga kirgan zahar miqdorini kamaytirishdir. Buning uchun ilon chaqqan joy mahkam ushlanadi va qattiq siqib, jarohatdan qon chiqariladi. Qonni og’iz bilan ham so’rib olish mumkin, lekin og’iz bo’shlig’ida yarachaqa bo’lmasligi kerak. Ilon oyoq yoki qo’lni chaqsa, zahar badanga tez tarqalmasligi uchun, ularni mutlaqo qimirlatmaslik kerak. Qaysi ilon chaqsa, organizmga o’shaning zaharidan tayyorlangan maxsus zardob yuboriladi. Bunday zardoblar Toshkentdagi Vaktsina va zardoblar ilmiy tadqiqot institutida tayyorlanadi. Ilon zaharidan tayyorlangan preparatlar shifobaxsh dori sifatida ishlatiladi, masalan, vipraksin, nayasin va viprosallar yallig’lanishga qarshi va og’riqsizlantiruvchi xossalarga ega bo’lib, revmatizm va nerv kasalliklarini davolashda qo’llaniladi. Ilon zaharidan ajratib olingan fermentlar nuklein rasini, organizmning ba’zi ferment sistemalarini, oqsillar almashinuvida oraliq moddalar hosil bo’lishini o’rganishda qo’llanilmoqda. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi biokimyo institutida O’rta Osiyodagi zaharli ilonlar zaharining kimyoviy tarkibi va ta’siri o’rganiladi. Ilonlardan har 25-30 kunda bir marta zahar olinadi. O’zbekistonda uchraydigan ilonlardan ko’zoynakli ilon (kapcha ilon) va ko’lbor ilon (gyurza) da ko’p, charx ilon va bo’sh ilon (qalqontumshuq ilon)da kamroq, cho’l qora iloni (gadyuka)da juda kam zahar bo’ladi. Har galda ko’pi bilan 0,1 gramm quruq zahar olish mumkin. Ad.: Karimov Z. N., Ilon zahari tibbiyot xizmatida, T., 1967.