IMPERATOR
IMPERATOR (lotincha imperator — hukmdor) — ba’zi monarxlarga berilgan unvon. Dastlab, Rim lashkarboshilari (masalan, Yuliy Tsezar va boshqalar) ga berilgan. Rimda respublika tartibi tugatilib, monarxiya o’rnatilgach, davlat tepasiga kelgan har bir merosxo’r Imperator deb atalgan. 962 yil nemislar shimoliy Italiyani bosib olgach, Germaniya qirollari o’zlarini Imperator deb atay boshladilar. 15-asrdan bu unvon Avstriya monarxlariga o’tdi. 1721 yil. Imperator unvonini Pyotr I qabul qildi. Bundan keyingi rus podsholarining hammasi Imperator deb yuritildi. Napoleon I, Napoleon III lar ham o’zlarini Imperator deb e’lon qildilar. Bu unvon Xitoyda 1911 yilgacha mavjud edi. Yaponiyada hozir ham Imperator davlat boshlig’i hisoblanadi.