Impressionizm

Impressionizm (Fransuzcha impression — taassurot) — san’atda 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida hukm surgan yo’nalish. Impressionizm vakillari mavjud borliqni harakatda, o’zgarishda tabiiyroq tasvirlashga, o’z laxzalik taassurotlarini ifodalashga intilib, tasvirning jonli, haqqoniyligiga erishgan. Voqelikning tabiiyligi, inson va muhit birligida uning doimiy o’zgaruvchanligi ifoda etildi. Dastlab 1860-yillarda frantsuz rangtasvirida vujudga kelgan. E. Mane, K. Mone, O. Renuar hayotdan olgan bevosita jonli taassurotlarini tasodifiy harakat, favqulodda holatlar ifodasida namoyon etdilar. Manzara, portret, ko’p shaklli kompozisiyalarda rassomlar tomonidan dastlabki taassurotlar kuchi va sofligi, betakror xususiyatlari mayda detallariga berilmasdan tasvirlandi. Impressionistlar ilk bor zamonaviy shahar hayotining serqirra ko’rinishlarini yaratib, asarlarida shahar manzarasi va undagi odamlar qiyofasida uning o’ziga xosligini aks ettirdilar. K. Mone, E. Dega, K. Pissarro, A. Sisley kabi manzara ustalari o’z asarlarini ochiq havoda ishlab quyosh nuri jilosini, tabiatning rang-barang bo’yoqlari boy majmuasini yorqin aks ettirdilar, plener ularning asarlaridagi kundalik ohanglarga quyosh nuri bilan to’yingan, bayramona kayfiyat baxsh etgan. Yetuk Impressionizm asarlari yorqinligi va hayotiyligi bilan ajralib turadi. Impressionizm xususiyatlari neoimpressionizm va postimpressionizmda taraqqiy etdi. Amerikada J. Uistler, Germaniyada M. Liberman, L. Korint, Rossiyada K. A. Korovin, I. E. Grabar va boshqalar ijodi Impressionizm rivojiga hissa bo’lib qo’shildi. 1880— 1910 yillarda Impressionizm ko’p rassomlar ijodiga sezilarli ta’sir ko’rsatgan. Bu voqelikni yangi tomonlarini o’zlashtirishda, plener usullarini egallashda namoyon bo’ldi. Impressionizm qoidalari haykaltaroshlikda turli darajada o’z aksini topdi. Haykaltaroshlardan fransuz O. Roden, italiyalik M. Rosso, rus P. P. Trubeskiy, A. Golubkina va boshqalar o’z asarlarida harakatni, harakat paytida shakl o’zgarishlarini ifoda etdilar. Impressionist rassomlar ijodi o’zbek rangtasvir san’ati rivojida ham o’z ifodasini topdi. O’zbekistonlik rassomlar L. Bure, O. Tatevosyan, P. Benkov, Z. Kovalevskaya, A. Mirsoatov va boshqalar ijodida shu ta’sir seziladi. Musiqada — Impressionizm Frantsiya kompozitorlari ijodida 1880-90 yillarda paydo bo’lgan (K. Debyussi, keyinchalik M. Ravel, P. Dyuka va boshqalar). 20-asr boshidan Yevropaning boshqa mamlakatlarida ham tarqalgan (Ispaniyada M. de Falya, Italiyada O. Respigi, A. Kazella, Polshada K. Shimanovskiy va boshqalar). Musiqiy Impressionizmga tabiat manzaralari, tashqi dunyo hodisalarini kuzatish jarayonida yuzaga kelgan his-tuyg’ularni, nozik ruhiy holatlarni aks ettirish xosdir. Asarlar tembr va garmoniyaning rang-barangligi, shakl rivojining erkinligi, ritmikasining beqarorligi bilan ajralib turadi. Adabiyotda — Impressionizmning bir necha uslubiy yo’nalishlari kuzatiladi. «Psixologik Impressionizm» yo’nalishida yaratilgan asarlar, ayniqsa, mashhur. Garchi bu yo’nalishning asoschilari aka-uka Gonkurlar hisoblansada, yangicha shakldagi ruxiy taxlillarga boy asarlarni K. Gamsun, T. Mann, S. Sveyg, ayniqsa, M. Prust ijodida ko’plab uchratish mumkin. 20-asr o’rtalariga kelib Impressionizm uslub sifatida o’z umrini tugatgan bo’lsada, turli mamlakatlar ijodkorlari orasida bu yo’nalishda asarlar yarataetgan yoxud ijodiy evolyusiyasining muayyan bosqichida unga ergashgan yozuvchilar topiladi. Xususan, o’zbek adiblaridan X. Do’stmuhammad («ko’z qorachig’idagi uy», «Jajman» va boshqalar), N. Eshonqul («Maymun yetaklagan odam» va boshqalar) ijodida shu yo’nalishning ta’siri seziladi.