INSON HUQUQLARI UMUMIY DEKLARATSIYASI
INSON HUQUQLARI UMUMIY DEKLARATSIYASI — BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1948-yil 10-dekabrda qabul qilingan deklaratsiya. U muqaddima va 30-moddadan iborat bo’lib, uni qabul qilishdan maqsad har bir inson va davlat mazkur Deklaratsiyani nazarda tutgan holda ma’rifat va ta’lim orqali shu huquq va erkinliklar hurmat qilinishiga ko’maklashishi lozim. Deklaratsiya har bir insonning tabiiy va ajralmas huquq va erkinliklari e‘lon etilgan asosiy xalqaro hujjatdir. Shu tariqa xalqaro munosabatlar tarixida birinchi marta insonning hamma rioya etishi zarur bo’lgan asosiy huquqlari va erkinliklari doirasi belgilab berilgan. Deklaratsiyada «insoniyat oilasining hamma a‘zolariga xos qadr-qimmatni, ularning teng va ajralmas huquqlarini tan olish — erkinlik, adolat va yalpi tinchlik negizi» ekanligi e‘lon etilgan. Unga ko’ra, umum hurmat va rioya qilishi shart bo’lgan inson huquqlari doirasi shaxsiy, siyosiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy huquqlardan iboratdir.