Iqlim bilan davolash

Iqlim bilan davolash, klimatoterapiya — davolash va sog’lomlashtirish maqsadida doimiy turar joylarda yoki maxsus iqlim kurortlari va sanatoriylarda iqlim xususiyatlari (havo harorati, namligi, ATM. bosimi va hokazolar)dan foydalanish. Iqlim bilan davolashni iqlimni vaqtincha o’zgartirish (sanatoriy va kurortlarda mavsumiy davolanish davrida) yoki bemorning o’rganib qolgan joyida qo’llash mumkin. Mustaqil davo sifatida, shuningdek, boshqa davo turlari bilan birga o’tkaziladi. Iqlim bilan davolashga havo bilan davolash — aeroterapiya, quyosh bilan davolash — Gelioterapiya, dengizda cho’milish kiradi. Talaygina kasalliklarda (organizm reaktivligi yuqori bo’lganida) Iqlim bilan davolash asosiy davo omillaridan biri hisoblanadi. Lekin iqlimni keskin o’zgartirish (masalan, shimoliy rayonlardan Janubiy rayonlarga borish) kuchli ta’sir qiladigan omil bo’lib, organizmning moslashuv imkoniyatlariga ancha og’irlik qiladi. Bolalarga, xususan, yosh bolalarga, keksalarga, uzoq vaqtdan beri kasal bo’lib yurgan, nafas, yurak-tomir funktsiyalari va organizmning boshqa sistemalari buzilgan odamlarga, nerv sistemasi zaif bemorlarga iqlimni bu xilda o’zgartirish zarar qiladi. Ularda moslashuv mexanizmlari susayganligi tufayli yangi iqlim sharoitlariga moslashish davrida kasallik zo’rayishi yoki odamning umumiy ahvoli yomonlashishi mumkin. Iqlimli kurortga borishdan oldin, albatta, vrach bilan maslahatlashish lozim. Odatda, bemorning individual xususiyatlari, yoshi, kasallik bosqichi va kechishini, yil fasli va boshqalarni hisobga olib vrach buyurgan muolajalar, shuningdek, uning tavsiyasi va nazoratida tegishli iqlimli kurortda muolajalar o’tkazish nerv sistemasining boshqaruv funktsiyasini yaxshilaydi, organizmning moslashuv mexanizmini takomillashtiradi, atrof muhitning turli noqulay ob-havo omillariga chidamini oshiradi, organizmni chiniqtiradi. Shahardan tashqarida joylashgan mahalliy sanatoriy va kurortlarda Iqlim bilan davolash muolajalari kompleks ravishda (havo vannalari, quyoshda toblanish, cho’milish), shuningdek, organizmning holatiga qarab bir necha rejim asosida o’tkaziladi. Davolanish rejimdan boshlanadi, uning ta’sirida bemor a’zo va sistemalarining fiziologik funktsiyalari nihoyatda kam zo’riqish bilan kechadi.