IQON JANGI

IQON JANGI — chor hukumati bosqinchilariga qarshi sarbozlar va ko’ngillilardan iborat Vatan himoyachilari jangi (1864 yil noyabr). Qo’qon xonligining lashkarboshisi Alimqul Toshkentda katta harbiy tayyorgarlik ko’rgan. Uning qo’shini (12 ming kishi) yo’lga otlanganida qattiq sovuq tushib, hatto qorning balandligi out tuya ko’kragigacha keladigan darajada edi. Shunga qaramay, Alimqul qo’shini yo’lni davom ettirib Chulak mavzeiga kelgan va Iqon qishlog’i atrofida Serov boshchiligidagi harbiy qismni qurshab olgan. Og’ir ahvolga tushib qolgan Serovni himoya qilish uchun Turkiston shahridan 170 soldat va ikki zambarak yuborilgan. Vatan himoyachilari qaxramonona jang qilib dushman kuchlarini sarosima va vahimaga solib qo’ygan. Ular bir kecha- kunduzdan keyin har xil narsalar namat, daraxt shoxlari, qoru muzdan to’siq yasab, uni oldilariga qo’yib yumalatib rus askarlari turgan joyga yaqinlashgan. Ularning orqasidan panalab kelgan navkarlar to’satdan dushmanga hujum qilib g’alaba qozonganlar. Bu g’alaba Iqon jangi nomi bilan tarixda o’chmas iz qoldirgan.