Iroq, Iroq Respublikasi
Iroq, Iroq Respublikasi (A1- Jumhuriyah al-lragiyah) — Janubiy- G’apbiy Osiyoda, Dajla va Furot daryolari oralig’ida joylashgan davlat. Maydoni 438 ming km2. Aholisi 23,3 million kishi (2001). Poytaxti — Bag’dod shahri. Ma’muriy jihatdan 18 muhofaza (viloyat)ga bo’linadi. Davlat tuzumi. Iroq — respublika. 1970 yil 16 iyulda kuchga kirgan muvaqqat Konstitutsiya amal qiladi. Davlat boshlig’i — prezident (1979 yil iyulidan Saddam Husayn, ayni vaqtda u bosh vazir, Inqilobiy qo’mondonlik kengashi raisi va qurolli kuchlar oliy bosh qo’mondoni). Prezidentning vakolat muddati — 7 yil. 2002 yil 15 oktabrdagi referendumda S. Husaynning Prezidentlik vakolati yana 7 yilga uzaytirildi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — Milliy kengash (parlament); u 4 yil muddatga saylanadi. Ijroiya hokimiyatni prezident va xukumat amalga oshiradi. Tabiati. Iroq hududining ko’p qismi Yuqori va quyi Mesopotamiya tekisliklaridan iborat. Shimoliy va shimoliy sharqida Armaniston va Eron tog’liklari (balandligi 3000 metrdan yuqori), Janubiy va Janubi-g’arbida Suriya-Arabiston yassi-tog’ligining chekka qismi (balandligi 900 metrgacha) joylashgan. Yuqori Mesopotamiya (yoki Jazira) balandligi 300-450 metr tekis platodan iborat. Quyi Mesopotamiya esa balandligi 100 metrdan oshmaydigan al-lyuvial pasttekislikdir. Asosiy foydali qazilmalari — neft va gaz. Fosforit va oltingugurt konlari ham bor. Iqlimi Iroqning shimoliy qismida kontinental O’rta dengiz iqlimi, yozi issiq va quruq, qishi iliq va seryomg’ir, Janubda tropik iqlim. Mosulda iyulning o’rtacha temperaturasi 34°, yanvarniki 7°. Qishda tog’larda qor yog’adi. Eng past temperatura — 18° gacha. Basrada yanvarning o’rtacha temperaturasi 11°, avgustniki 34°, ba’zan 50° ga yetadi. Yillik yog’in tog’larda 500 mm gacha, mamlakatning Janubi sharqida 60— 100 mm. Iroq hududidan o’tgan Dajla va Furot duryolaridan sugorishda keng foydalaniladi. Alkurn shahri yonida bu daryolar qo’shilib, yagona Shatt ul-Arab daryosini hosil qiladi va Fors qo’ltig’iga quyiladi. Quyi Mesopotamiyada mayda ko’l ko’p. Cho’llarida suv vaqtincha oqadigan soyliklar bor. Tuproqlari — Daryo vodiylarida sug’oriladigan unumdor allyuvial tuproq. Iroqning kalgan qismida dasht va chala cho’lga xos kashtan va bo’z tuproqlar tarqalgan. Tog’li joylarda tog’-o’tloq tuproqlari uchraydi. Iroq hududining ko’p qismi dasht, Janubi-g’arbi cho’l va chala cho’l. Tog’yon bag’irlarida siyrak butazorlar, Daryo vodiylarida terak va tolzorlar bor. Shatt ul-Arab vodiysida hurmozor ko’p. Iroqning hayvonot dunyosi xilma-xil. Tekisliklarda g’izol, yovvoyi eshak, ola sirtlon, chiyabo’ri, qoplon yashaydi. Kemiruvchilar, sudralib yuruvchilar (jumladan, zaharli ko’lbor ilon) va zararli hasharotlar (chigirtka, falanga, chayon) ko’p. Daryo qirg’oqlarida qo’ton, qizilg’oz, saqoqush uchraydi. Aholisi, asosan, arablar (75%) va kurdlar (20%); shuningdek, turkmanlar, osuriy (Aysor)lar, eroniylar, armanlar va boshqalar ham yashaydi. Rasmiy tili — Arab va kurd tillari. Asosiy dini — Islom. Aholisining 96% musulmonlar (62% shialar va 34% sunniylar). Xristianlar ham bor. Aholining 70,4% shaqarlarda yashaydi. Yirik shaharlari: Bag’dod, Basra, Mosul, Karkuk, Najaf. Tarixi. Iroq hududi (Mesopotamiya) — dunyodagi eng qadimgi madaniy markazlardan biri. Miloddan avvalgi 7-ming yillikda ilk sug’orma deqqonchilik, chorvachilik rivojlangan. Miloddan avvalgi 3-ming yillikda shaharlar paydo bo’lgan, bir necha mayda kuldorlik davlatlari vujudga kelgan. Miloddan avvalgi 2-ming yillikda ular Bobil podshohligiga birlashgan. Miloddan avvalgi 6-asrda Iroq hududi Axomaniylar, keyinchalik Salavkiylar (miloddan avvalgi 4-2-asrlar) va Parfiya (miloddan avvalgi 2-asr—milodiy 3-asr) davlatlarining xo’jalik, savdo markazi bo’lgan. Sosoniylar hukmronligi davrida bu yerda xristianlik, yaxudiylik va boshqa dinlar bilan birga zardushtiylik ham tarqalgan. 7-asr 30-yillarida Mesopotamiyani arablar egallagan. 661 yil u Umaviylar xalifaligiga qo’shib olindi. Aholi o’rtasida Islom dini va Arab tili keng tarqala boshladi. 750-1055 yillari bu erda abbosiylar hukmronlik qildi. Keyinchalik Saljuqiylar, 13-asr 2-yarmida mo’g’ullar bostirib kirdi. 14-asr oxiri — 15-asr boshida Iroq Amir Temur saltanati tarkibiga kirgan. 16-asr 30-yillarida Iroqni turklar, 17-asr boshida Safaviylar egalladi. 17-asr 2-choragidan 1-jahon urushi oxirigacha Usmonli turk imperiyasi tarkibida bo’ldi. 1-jahon urushidan keyin Iroqni inglizlar bosib oldi va talon-toroj qildi. 1920 yil Iroq ustidan Buyuk Britaniya mandati o’rnatildi. Shu paytdan e’tiboran mustamlakachilikka karshi butun mamlakat bo’ylab milliy ozodlik qo’zg’oloni boshlanib ketdi. Bu qo’zg’olon shafqatsizlik bilan bostirilgan bo’lsa ham, inglizlar milliy hukumat tuzishga rozilik berdi. Iroq Amir Faysal boshchiligidagi podshohlik deb e’lon qilindi, ammo u inglizlar nazoratida edi. Angliya Iroq podshohligini og’ir shartnomalar tuzishga majbur qildi (1922, 1923). Iroq nefti Angliya boshliq monopoliyalar, asosan «Irak Petroleum kompani» (1929 yilgacha «Terkish Petroleum») ixtiyorida qoldi. 1932 yil Buyuk Britaniya Iroqqa rasmiy jihatdan mustaqillik berdi, ammo harbiy-siyosiy nazorat qilib turish huquqini oldi. Iroq hukumatining Buyuk Britaniya bilan hamkorlikni kuchaytirish, qishloqlarda zamindorlar hukmronligini mustahkamlashni ko’zda tutgan siyosati xalqni ochlikka olib keldi va siyosiy huquqlardan mahrum etdi. Bu siyosatga qarshi dehqonlarning qo’zg’olonlari bo’lib o’tdi (1930-36). Ishchilar o’z huquqlari uchun kurash boshladi. Bir necha kasaba uyushmalari tuzildi. Iroq hukumatining siyosatidan mayda milliy ziyoli va zobitlarning bir qismi ham norozi bo’ldi. Hukumat rahbarlari bir necha marta o’zgartirildi. 1941 yil oktabrda nuri Sayd rahbarligida yangi hukumat tuzildi. 2-jahon urushi davrida mehnatkashlar ahvoli og’irlashib, xalq harakatlari kuchaydi. Natijada siyosiy mahbuslar ozod qilindi. Urushdan keyin milliy ozodlik harakati kuchaydi. Arab-Isroil urushi davri (1948-49) da hukumat mamlakatda qatag’on va ta’qib qilish siyosatini olib bordi, parlament tarqatildi, siyosiy partiyalar va kasaba uyushmalari faoliyati taqiqlandi. AQSh bilan Iroq o’rtasida «texnika yordami» (1953), «harbiy yordam» (1954) to’g’risida shartnomalar tuzildi. 1955 yil Iroq Turkiya harbiy shartnomasi imzolandi. Bu esa Bag’dod paktining tuzilishiga asos bo’ldi. Mamlakatdagi vatanparvar kuchlar ozodlik va demokratiya uchun kurashni to’xtatmadilar. 1956 yilda Iroq armiyasida «ozod zobitlar» nomli yashirin inqilobiy tashkilot tuzildi. 1957 yil Iroq Kompartiyasi, Milliy demokratik partiya, Mustaqillik partiyasi («istiqlol») va Arab sosialistik uyg’onish partiyasi (Baas) ning birlashuvidan Milliy birlik fronti (MBF) tashkil topdi. 1958 yil 14 iyulda MBF, «ozod zobitlar» tashkiloti hamda mehnatkashlarning birgalikdagi harakati natijasida podshoxlik ag’darildi va Iroq respublika deb e’lon qilindi. Abdulkarim Qosim boshchiligida hukumat tuzildi. Respublika hukumati Iroqning Bag’dod paktidan chiqqanligini e’lon qildi. Iroqdagi ingliz harbiy bazalari tugatildi (1959 yilning 30 mayida). 1958 yil 26 iyulda qabul qilingan konstitutsiyada barcha fuqarolar qonun oldida teng huquqlar va demokratik erkinliklar bilan ta’minlanajagi qayd etildi. Shundan so’ng kasaba uyushma tashkilotlari va siyosiy partiyalar ochiq ishlay boshladi. Hukumat siyosiy mahbuslarga afv umumiy e’lon qildi. Ayollar erkaklar bilan teng huquqqa ega bo’ldi. Chet el firmalarining Iroq yerlariga egaligi cheklandi. Hukumatning xalqparvarlik siyosati ichki hurofiy kuchlarning qarshiligiga uchradi. A. Qosim vatanparvar tashkilotlar faoliyatini cheklashga majbur bo’ldi. 1961 yil sentabrda kurd xalqiga qarshi urush boshladi. 1963 yil Fevralda davlat to’ntarishi bo’lib, hokimiyat Baasning ekstremist rahbarlari kuliga o’tdi. Ular demokratlarni jismonan yo’qqilishga kirishdi. Minglab vatanparvarlar o’ldirildi va qamoqqa olindi. Bunday zulmkor siyosatga nisbatan xalq g’azabi kuchayishi natijasida Baas rahbarlari ikki qaramaqarshi guruhga bo’lindi. 1963 yil noyabrda hokimiyatni A. S Orif boshliq harbiylar qo’lga oldi. 1963-68 yillar turli siyosiy guruhlarning hokimiyat uchun kurashi bilan o’tdi. Hukumatga qarshi namoyishlar bo’ldi. 1968 yil iyuldagi davlat to’ntarishi natijasida hokimiyat general Ahmad Hasan al-Bakr boshchiligidagi Baas rahbarlari qo’liga o’tdi. Hukumat siyosiy mahbuslarni ozod qilib, oldingi vazifalariga qayta tayinladi. Kam haq oladigan mehnatkashlar «mudofaa solig’i» dan ozod bo’lli. Mehnat, nafaqa, ishchilarning ijtimoiy ta’minoti, yer islohoti haqida yangi qonun qabul qilindi (1970). Inqilobiy qo’mondonlik kengashi Iroq davlati doirasida kurdlarning milliy muxtoriyatini tan oldi. Iroq Kurdistonidagi harbiy harakatlar to’xtatildi. Kurd taraqqiyparvar tashkilotlariga erkinlik berildi. Kurd tili ikkinchi rasmiy til deb e’lon qilindi. Hukumatga 5 kurd kiritildi. Kurdistonni rivojlantirish dasturi amalga oshirila boshladi. 1974 yil 11 martda Iroq Kurdistoni muxtoriyati e’lon qilindi. 1979 yil S. Husayn mamlakat Prezidenti bo’lgach, 1980 yil sentabrda Iroq bilan Eron o’rtasida Shatt-ul Arab daryosi bo’ylab o’tgan chegara xususidagi janjal qurolli to’qnashuvga aylanib ketdi. 8 yil davom etgan bu mojaro yaqin Sharq va Fors ko’rfazi atrofidagi vaziyatni keskinlashtirib yubordi. Nihoyat, 1990 yil 15 avgustda Iroq Prezidenti Saddam Husayn Eron Prezidenti A. A. Hoshimiy- Rafsanjoniyga maktub yo’llab darhol sulh tuzishni taklif etdi. Eron bu taklifni qabul qildi. Ammo bu urush mamlakat iqtisodiyotiga katta zarar yetkazdi. 1990 yil 1 avgustdan 2 avgustga o’tar kechasi Iroq qo’shinlari Kuvayt hududiga bostirib kirdi va bir necha kun davomida uni qamal qilib turdi. Bag’dod Kuvaytning Iroq bilan «to’la-to’kis va abadiy birlashganini» e’lon qildi. BMT Xavfsizlik Kengashi Kuvaytning Iroq tomonidan bosib olinishini qoraladi va Iroq qo’shinlari Kuvaytdan darhol olib chiqib ketilishini talab qildi, Iroqqa qarshi qattiq iqtisodiy jazo choralari joriy etdi. Ammo Iroq rahbariyati bu talabni bajarmadi. Natijada BMT xavfsizlik Kengashining «mazkur regionda tinchlik va xavfsizlikni tiklash uchun barcha zarur vositalardan foydalanish» to’g’risidagi qaroriga binoan, AQSh, Buyuk Britaniya, Frantsiya, bir qator Arab davlatlari harbiy qismlaridan iborat ko’p millatli kuchlarning qo’shinlari 1991 yil 16 yanvardan 17 yanvarga o’tar kechasi Iroqqa qarshi urush harakatlari boshladi. «Cho’ldagi bo’ron» deb atalgan bu jangda Iroq qo’shinlari mag’lubiyatga uchradi. 1994 yil noyabrda Iroq Kuvaytning suvereniteti, hududiy butunligi va xalqaro chegaralarini to’la-to’kis va uzil-kesil tan olishini bildirdi. BMT xavfsizlik Kengashi qarorlariga muvofiq, Iroqning ommaviy qirg’in qurollari zaxiralari, ularni eltuvchi vositalar va ishlab chiqarish quvvatlarini aniqlab, yo’q qilib tashlash uchun maxsus komissiya tuzildi. Iroqdan barcha turdagi xom ashyo, shu jumladan, neft, tayyor mahsulotlar sotib olish hamda unga barcha turdagi xom ashyo va tayyor mahsulotlar, qurol-yarog’, harbiy texnika sotish, boshqa tarzda harbiy yordam ko’rsatish taqiqlandi. Oziq-ovqat va dori-darmon bundan mustasno. Harbiy mojarolar va iqtisodiy qamal natijasida Iroq ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda haddan tashqari og’ir ahvolga tushib qoldi. Iroq — 1945 yildan BMT a’zosi. O’zbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 1993 yil 19 iyunda o’rnatdi. Milliy bayrami — 17 iyul — inqilob kuni (1968). Asosiy siyosiy partiyalari, tashkilotlari va kasaba uyushmalari. Arab sotsialistik uyg’onish partiyasi — Baas, 1947 yilda tuzilgan umumarab base partiyasi tarkibiga kiradi, Iroqda 1954 yil shakllangan; Kurdiston demokratik partiyasi, 1946 yilda tuzilgan; Kurdiston inqilobiy partiyasi, 1974 yil tashkil topgan; Iroq Kommunistik partiyasi, 1934 yilda asos solingan; demokratik milliy vatanparvar fronti, 1980 yil tuzilgan; ilg’or milliy vatanparvar fronti, 1973 yil tashkil etilgan. Iroq ishchi kasaba uyushmalari umumiy federatsiyasi 1959 yilda tashkil etilgan bo’lib, Jahon kasaba uyushmalari Federatsiyasi a’zosi. Xo’jaligi. Iroq — agrar-Industrial mamlakat. Iroq baquvvat iqtisodiy salohiyatga ega. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 22%, qishloq xo’jaligining ulushi 20,3% ni tashkil etadi. Sanoati. Neft (zaxirasi 65 milliard tonnadan ziyod), gaz, oltingugurt, marmar va fosfatlarning katta zaxiralari bor. Iroq-Eron urushi boshlanishidan avval neft eksport qilishdan har yili 21-26 milliard dollar daromad olinar edi. Sanoatning neft, gaz qazib chiqarish, neftni qayta ishlash, tsement, elektr energetika, mashinasozlik va boshqa tarmoqlari rivojlangan. Mayda hunarmandchilik korxonasi va ustaxonalari ko’p. To’qimachilik, poaybzal, oziq-ovqat sanoati ham birmuncha rivojlangan. Al-Iskandariyada mashinasozlik zavodi, Samarrada antibiotik va boshqa dori-darmonlar zavodi, qut al-Amarada ip gazlama kombinati, Bag’dodda elektronika asbob-uskunalari zavodi va tikuvchilik fabrikasi, Ramodida oyna zavodi va boshqa korxonalar mavjud. Biroq BMT xavfsizlik Kengashining iqtisodiy jazo choralari natijasida moliyaviy resur-slar, xom ashyo, ehtiyot qismlar, asbob-uskunalar etishmasligi har sohada sezilib turadi. Qishloq xo’jaligi. Qishloq xo’jaligiga yaroqli yerlar 12 million gektar, shundan 8 million gektar yer ishlanadi. Ekin maydonining aksar qismiga bug’doy, qolgan qismiga paxta, tamaki, sabzavot ekiladi; bog’dorchilikham rivojlangan. 1990-yillargacha Iroq hurmo daraxtining soni jihatidan dunyoda 1-o’rinda turar, dunyo bozoriga chiqarib sotiladigan hurmo mevasining 4/5 qismi uning hissasiga to’g’ri kelar edi. Biroq Iroqqa qarshi jazo choralari qishloq xo’jaligiga ham asoratli ta’sir qildi. Jumladan, 1990 yilga nisbatan 2000 yilda ekin maydonlari qisqarib, yalpi hosil kamaydi. Chunonchi bug’doy hosili 1055 ming tonnadan 800 ming tonnaga, arpa 1095 ming tonnadan 500 ming tonnaga, makkajo’xori 171 ming tonnadan 100 ming tonnaga, uzum 428 ming tonnadan 290 ming tonnaga tushib qoldi. Chorvachilikdagi qo’y, echki, qoramol, tuya, ot soni ham kamaydi. Transporti. Temir yo’l uzunligi 3 ming kilometr, avtomobil yo’llari uzunligi 30 ming kilometr, neft quvurlari uzunligi 4,2 ming kilometr, gaz quvurlari uzunligi 2,6 ming kilometr. Asosiy dengiz portlari — Basra, fao, Umm-kasr, Daryo porti — Bag’dod. Bag’dodda zamonaviy xalqaro aeroport bor. Iroq chetga hurmo, teri, jun, tsement, neft, neft mahsulotlari, oltingugurt chiqaradi. Chetdan mashina va uskunalar, oziq-ovqat, qora metall, kimyoviy ashyolar keltiradi. Savdo-sotiqdagi asosiy mijozlari: Iordaniya, Italiya, Germaniya va boshqalar. Pul birligi — Iroq Dinori. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. 1970 yilda 6 yoshdan 12 yoshgacha bo’lgan bolalarning majburiy boshlang’ich ta’limi to’g’risida qonun qabul qilingan. Boshlang’ich maktabda ham, o’rta maktabda ham o’qish muddati 6 yil. Universitetlar, institutlar, kollejlar, jumladan, Bag’dod universiteti, Bag’dodda al-Mustansuriya universiteti, Basra, Mosul va Sulaymoniyada universitetlar, Bag’dodda texnologiya instituti bor. 1947 yilda Iroq Fanlar Akademiyasiga asos solingan. Bag’dodda kurd Fanlar Akademiyasi, ilmiy tadqiqotlar tashkiloti mavjud. Yirik kutubxonalari: Bag’dod unviersitetining Markaziy kutubxonasi, Milliy kutubxona, Iroq muzeyi kutubxonasi, Mosuldagi ommaviy kutubxona va boshqalar. Muzeylari: Bag’doddagi Iroq muzeyi, Arab osori atiqalari muzeyi, mosul muzeyi, Basradagi universitet muzeyi, ko’hna Bobil xarobalaridagi Bobil muzeyi. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi — eng muhim gazeta va jurnallari: «As-Savra» («inqilob», Arab tilidagi kundalik gazeta, 1968 yildan), «Al-Iroq» («Iroq», Arab va kurd tillaridagi kundalik gazeta, 1976 yildan), «Al- Jumhuriya», («Respublika», Arab tilidagi kundalik hukumat gazeta, 1963 yildan), «BAGDAD Observer» («Bag’dod kuzatuvchisi», ingliz tilidagi kundalik gazeta, 1967 yildan), «Bag’dod» (frantsuz tilida 2 oyda 1 marta chiqadigan siyosiy va madaniy jurnal), «Al-afak al-Arabiyya» («Arabiston ufqlari», Arab tilidagi oylik siyosiy-adabiy jurnal, 1975 yildan). Iroq axborot agentligi 1959 yilda tashkil etilgan. Davlat radioeshittirish va televidenie tashkiloti hukumat tashkilotidir. 1936 yildan radioeshittirish, 1956 yildan teleko’rsatuv olib boriladi. Adabiyoti. O’rta asrlarda Iroq poytaxti — Bag’dod umumiy Arab madaniyati, fani va adabiyotining markazlaridan biri bo’lganligi bois Iroq yozma adabiyoti ham umumarab o’zanida ravnaq topdi. Umuman Arab badiiy adabiyoti 5-7-asrlarda og’zaki xalq ijodiyoti boy manbalari asosida vujudga keldi. Avvaliga proza (afsonalar, ertaklar), so’ng poeziya (g’azal, qasida va hokazolar) paydo bo’lib, rivojlana boshladi. 16-asrdan adabiyot tushkunlikka tushdi. 19-asrda Abd al- Muhsin alkozimiy, Jamol Sidqiy az-Zaxaviy va Ma’ruf Rusafiy kabi mashhur shoirlar o’z asarlarida ma’rifatchilik va milliy ozodlik kurashi g’oyalarini aks ettirdilar. 19-asr va 20-asr boshlarida Iroq adabiyotida she’riyat yetakchi janr bo’lgan. Mahmud Ahmad assayed Iroq adabiyotida birinchi bo’lib hikoya va qissalar yozdi. Ularda insonparvarlik g’oyalarini ilgari surdi. Zunnun Ayyub va boshqa hajvchilarning ijodi 30-yillar mamlakat ijtimoiy hayotiga katta ta’sir ko’rsatdi. Shu davrda ilg’or shoirlardan Muhammad Mahmud al-Javohiriy va Muhammad Solih Bahr ul-ulum barakali ijod qildilar. 50-yillarda Iroq adabiyotida romanchilik va dramaturgiya shakllandi. Bu davrdagi Iroq she’riyati voqelikni to’g’ri aks ettira boshladi. Inqilob (1968 yil) dan keyin Iroq adabiyoti gurkirab o’sdi. Bosqinchilikka qarshi kurash va adolatli jamiyat qurish madhini kuylash asosiy mavzu bo’lib qoldi. Abu al-Vahhob al- Bayotiy, Hasan al-Bayotiy va boshqalar ijodida siyosiy va ijtimoiy ohanglar yangradi. Iroq she’riyatini isloh qilgan Nozik al-Maloika va boshqa shoiralar hamda shoirlar lirik she’rlar yaratdilar. Kurd tilidagi adabiyot ham rivojlangan. Me’morligi juda qadimgi an’analarga ega bo’lib, bu yerda Bobil-Ossuriya madaniyati va Parfiya yodgorliklari saqlanib qolgan. 7-asrdan boshlab Arab madaniyati ta’siri kuchaygan. 7-asr 30-yillarida Kufa, Basra, 8-asr boshlarida va-Sit shaharlariga asos solindi. 762 yildan doirasimon reja asosida Madinat as-Salom (Tinchlik shaqri, hozirgi Bag’dod) kurila boshladi. 9-asrda o’rta asrlar me’morligi ravnaq topdi (salobatli saroy inshootlari, baland minorali masjidlar, jumladan, Samarradagi 450 ustunli Mutavakkil masjidi). 12-asr va 13-asr 1-yarmidan Bag’doddagi (Mustansuriya madrasa majmuasi, Bobal-vastani shahar darvozasi) va Mosuldagi (Nuriddin jome masjidi) yodgorliklar saqlangan. 16-17-asrlarda sirkorlik, naqqoshlik va o’ymakorlik san’ati namunalari bo’lmish Bag’doddagi Muso al-qadim (oltin masjid) maqbara-masjidi, Karboladagi Imom Husayn maqbara-masjidi va boshqalar barpo etildi. Turar joylar ichki hovlili, peshayvonli, derazalari jimjimador yog’och panjarali qilib qurildi. Zamonaviy me’morlikda turli yevropacha uslublar ta’siri seziladi. Basra, Mosul, Karbalo, Samarra shaharlari loyihasi ishlab chiqildi (1959-60). Bag’dod, Mosul, Basra va boshqa shaharlardagi zamonaviy jamoat va uy-joy binolari tarhi va qurilishida mahalliy iqlim va turmush sharoitlari e’tiborga olindi, xalq an’analariga rioya etildi. Iroq me’morlari orasida N. Javdod, R. al-Chodirchi, X. Munif va boshqalar mashhur. Tasviriy san’ati. Iroq hududida miloddan avvalgi 8—7-ming yillikka oid qo’hna madaniyat manzilgohlarida qadimgi san’at asarlari (alebastr va loydan yasalgan haykalchalar, tamg’a-tumorlar, sopol idishlar) topilgan. Miloddan avvalgi 4—1-ming yillikda Shumer, Akkad, Bobil, Ossuriya badiiy madaniyati izchil rivojlandi. Yunon, Parfiya, Sosoniylar san’ati yodgorliklari uchraydi. O’rta asrlarda Iroq san’ati umumarab madaniyati tarkibida ravnaq topdi. 8-13-asrlardagi ganch va yog’och o’ymakorligi, devor musavvirligi, miniatyura, kulollik, kandakorlik san’ati gullab-yashnadi. Naqqoshlik va xattotlik rivoj topib, hozirgi bezak san’atida ham davom etmoqda. 20-asr boshlarida rangtasvir san’ati yuzaga keldi (Abdulqodir rassom, Muhammad Solih Sakiy va boshqalar). Rassom va haykaltarosh Javod Salim, musavvirlardan ata Sabriy, Xolid al-Jadr, haykaltaroshlardan Xolid ar-Raxxal, Muhammad G’ani nom chiqargan. Ular qadimgi Iroq san’ati an’analarini rivojlantirishga katta hissa qo’shdilar. Keyingi yillarda Ismoil ash-Shayxli, nuri ar-Ravi, diya al-Azavi va boshqalar ularning ishlarini davom ettirdilar. So’nggi avlodga mansub musavvirlardan Hafiz ad-Durubiy va Mahmud Ahmad Iroq tasviriy san’atini yuqori darajaga ko’tardi. Iroq hududida bir necha asrlar davomida kurdlar san’ati rivojlanib kelayotir. Musiqasi Arab musiqa san’atining bir shoxobchasini tashkil qiladi. Iroqda ud, rubob, qonun, nay, Daff va boshqa cholg’u asboblari qadimdan ma’lum. Abbosiylar xalifaligi davri (750— 1258) da Bag’dod O’rta va yaqin Sharq xalqlari musiqa markazlaridan biri hisoblanib, bu yerda mashhur bastakorlar — Ishoq al- Mavsiliy, Safiud-din al-Urmaviylar ijod qilishgan. Usmonli turk imperiyasi tarkibida bo’lgan davri (16-asrning 30-yillari — 1918) da turk musiqasining ta’siri kuchli bo’lgan. Iroq xalq va professional musiqasi keng rivojlangan makom tizimiga asoslanadi. Maqomlar yirik shakldagi vokal-cholg’u turkumlarning lad asosini hamda kuy-ohang mazmunini belgilaydi. Har bir asar muayyan maqom nomi bilan ataladi. Iroq xalq qo’shiqlari ichida ataba, xuda, muashshax kabi aytim janrlari keng tarqalgan. Zamonaviy Iroq musiqasida Yevropa musiqa an’analarining ta’siri mavjud. Bag’dod radiosida Sharq musiqasi orkestri (rahbari kompozitor Salim al-Shalabiy), xor, yakkaxon xonandalari bor. 1929 yil Bag’dod o’rta maktab o’quvchilari tomonidan «Iroqmilliy teatri», 1931 yil birinchi proffesional ansambl, 1971 yil simfonik orkestr tashkil qilingan. Iroq musiqa kadrlari, asosan, nafis san’at akademiyasi (1940, musiqa, tasviriy san’at va haykaltaroshlik, teatr san’ati bo’limlari bor) da tayyorlanadi. 1968 yil bolalar musiqa maktabi ochilgan. Davlat o’quv yurtlaridan tashqari xususiy musiqa maktablari mavjud. Iroqda kompozitor Ahmad al-Xalil (qo’shiq, cholg’u asarlar muallifi), xalq va zamonaviy qo’shiq ijrochilari Lomia tavfiq, Vahida Halim, Dahlil Hasan, Zuhur Husayn, Foruh Hilol, Rizo Ali, sozandalar Hasan Rajab, Shuayb Ibrohim, Xudayr Shibli, Jalil Bashir, Munir Bashir va boshqalar tanilgan. Iroq davlat folklor ansambli 1985 yil Toshkentda gastrolda bo’lgan. Kompozitor va sozanda (ud) Salmon Shukur 1987 yil Samarqandda bo’lib o’tgan 7-xalqaro musiqashunoslik simpoziumida qatnashgan. Teatri. Iroq professional teatri o’z faoliyatini 20-asrning 20-yillaridan boshlagan. 1929 yil o’rta maktab o’quvchilari Bag’dodda millim teatr guruhini tuzib, maktab va ko’chalarda qo’shiqlar, raqslar ijro etganlar, kichik hajviy pesalar namoyish qilishgan. 1931 yil havaskor- rejissyor Haqqi ash-Shibliy 50 ga yaqin Iroqlik, misrlik, suriyalik va livanlik xonandalar va xalq cholg’u orkestridan iborat birinchi professional ansambl tuzgan. Ansambl tomonidan Muso Shohbanderning «Vaxda» spektakli, Arab adabiyoti va folklori asosida yaratilgan spektakllar sahnalashtirildi. Shunday ansambllar Bag’dod, Basra, Mosudda ham tashkil qilindi Iroq da xalq-cholg’u asboblari jo’rligida doston yoki she’r aytuvchi maqomchilar (badiiy o’qish ustalari) dan Muhammad Kubbanchi, Salima Murod, Sabiha Ibrohim va boshqalar mashhur. Aktyorlar nafis san’at akademiyasi uyushtiradigan kontsertlarda, radio va teleko’rsatuv orqali o’z san’atlarini namoyish etadilar. Kinosi 1940-yillar o’rtalaridan rivojlana boshladi. 1945-46 yillarda misrlik rejissyorlar iroqlik aktyorlar ishtirokida «Qohira-Bag’dod», «Sharq o’g’loni» filmlarini suratga oldi. 1948 yil Bag’dodda kinostudiya ochilgach, «Aliya va Issam», «Sharq bolalari», «Laylo Iroqda» va boshqa filmlar yaratildi. 1958 yilda Iroq kinosida yangi rivojlanish davri boshlandi va «Sayd Afandi» (rejissyor K. Husni) filmining suratga olinishi bilan Iroq kinematografiyasida yangi realistik yo’nalishga asos solindi. 1960 yil Iroqda tuzilgan teatr va kino ishlari bosh boshqarmasi hujjatli xronika filmlarini muntazam ishlab chiqarishni yo’lga qo’ydi. 60-yillarda «kim aybdor» (rejissyor A. Vali), «kuzgi yarpoqlar» (rejissyor X. Labib), «tungi soqchi» (rejissyor X. Shavqiy) filmlari shuhrat qozondi. 70-yillarda Iroq kinematografiyachilari ijtimoiy-siyosiy mavzuga murojaat etdilar, shu davrda qurg’oqchilik muammolari haqida «Chanqaganlar» (rejissyor Shukri Jamil), qishloqdagi o’zgarishlar haqida «tajriba» (rejissyor F. at-Tuxami), xalq ongining o’sishi haqida «burilish» (rejissyor D. Ali) filmlari yuzaga keldi. Shundan keyingi «Daryo» (rejissyor F. al-Yasiriy), «devorlar» (rejissyor Shukri Jamil) filmlarida ilg’or realistik an’analar ifodalandi. Ayni vaqtda mamlakatning dolzarb muammolarini ko’tarib chiquvchi hujjatli kino rivojlanib, «Yerga qaytish», «Avlodlar mehnati», «Yo’qolsin sukunat», «So’nmas nur» lentalari yuzaga keldi. Iroqda yiliga 3-4 ta badiiy, salkam 30 ta hujjatli film ishlab chiqariladi.