Ishdan bo’shatish

Ishdan bo’shatish — mehnat shartnomasining mehnat qonunchiligida ko’rsatilgan asoslar bo’yicha bekor bo’lishi. Ishdan bo’shatishning 3 turi mavjud: xodimning tashabbusiga ko’ra; ma’muriyat tashabbusi bilan; taraflar ixtiyoriga bog’liq bo’lmagan holatlarga ko’ra. Xodim o’zi istagan vaqtda ishdan bo’shab ketishi haqida ish beruvchini 2 hafta oldin yozma ravishda ogohlantirishi lozim. O’zaro kelishilsa, bu muddat qisqaroq qilib belgilanishi mumkin. Ariza xodimning ishni davom ettirish imkoni yo’qligi (masalan, o’quv yurtiga qabul qilinganligi, pensiyaga chiqqanligi, saylab qo’yiladigan lavozimga saylanganligi va boshqa sabablar) bilan bog’liq bo’lsa, u iltimos qilgan vaqtda ishdan bo’shatilishi lozim (O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi, 99-modda). Mehnat shartnomasi kanday muddatga tuzilganidan qat’i nazar, xodim ish beruvchi tomonidan asosli ravishda ishdan bushatilishi zarur. Mehnat kodeksida mazkur asoslar (100-modda), mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusi bilan bekor qilish (100-102-modda), mehnat shartnomasini taraflar ixtiyoriga bog’liq bo’lmagan holatlar bo’yicha bekor qilish (106-modda), uni bekor qilishni rasmiylashtirish (107— 108-modda), Ishdan bo’shatish nafaqasini to’lash (109-modda) va ish haqini to’lash muddatlari (110-modda)ga oid qonun-qoidalar belgilab berilgan.