Ishias

Ishias (Yunoncha ischion — son), bel-dumg’aza radikuliti — quymich nervi kasalligi. Ko’pincha sovqotish, jismoniy zo’riqish, turli infektsiyalar va shikastlanishlar, moddalar almashinuvining buzilishi sabab bo’ladi. O’rta yashar va keksa kishilarda uchraydi. Asosan, quymich nervi va uning tarmoqlari borgan qism og’riydi. Og’riq umurtqa pog’onasining bel qismiga va oyoq orqasiga ham tarqalib, vaqt-vaqti bilan, ayniqsa, bemor harakat qilganda zo’rayadi. Birlamchi va ikkilamchi, shuningdek, o’tkir va surunkali (vaqt-vaqti bilan qo’zib turadigan) Ishias farq qilinadi. Gripp, revmatizm, bezgak, brusellyoz, sil kabi kasalliklar; qo’rg’oshin, mishyak, alkogoldan zaharlanish; moddalar almashinuvining buzilishi (podagra, diabet, avitaminoz), shuningdek, har xil shikastlar birlamchi Ishiasga sabab bo’lishi mumkin. Umurtqa pog’onasi, umurtqalar orasidagi disklar, dumg’aza-yonbosh va chanoqson bo’g’imlari kasalliklari, shuningdek, ginekologik va urologik kasalliklarda ikkilamchi Ishias kuzatiladi. Surunkali Ishias bahor va kuzda zo’riqadi, uzoq davom etganda boldir hech narsa sezmaydi va Axill payi refleksi yo’qoladi. Doim zax joyda ishlovchi kishilarda ko’proq uchraganligi uchun xalq Ishiasni ham bod, goho oyoq og’rig’i deya beradi. Davosi: zo’riqqan vaqtida o’rinda yotish buyuriladi, issiq qilinadi, og’riq qoldiruvchi dorilar, parafin, balchiq qo’yish, uqalash va boshqalar fizioterapiya usullari tavsiya etiladi. Chimyon (Farg’ona), Chortoq, Jalolobod, Jayronxona (Termiz) kabi kurortlarda davolanish ham yaxshi foyda beradi.