Ishlab chiqarish xarajatlari

Ishlab chiqarish xarajatlari — korxonaning mahsulot ishlab chiqarish maqsadlarida, iqtisodiy resurslar sotib olish uchun qilgan pul sarflari. Firma o’z faoliyatini bozordan moddiy resurslar, ya’ni asbob-uskuna, dastgohlar, transport va aloqa vositalari, xom ashyo, yoqilg’i, har xil materiallarni, mehnat bozoridan ish kuchini sotib olishdan boshlaydi. Shunga muvofiq holda Ishlab chiqarish xarajatlari tarkibiga xom ashyo, asosiy va yordamchi materiallar, yonilg’i va energiya xarajatlari, asosiy kapital amortizasiyasi, ish haqi va ijtimoiy sug’urtaga ajratmalar, foiz to’lovlari va boshqa xarajatlar kiradi. Ishlab chiqarish xarajatlariga qilingan barcha xarajatlarning puldagi ifodasi mahsulot tannarxinn tashkil qiladi. Ishlab chiqarish xarajatlarini o’rganishga iqtisodchilar turlicha yondoshadilar. Jumladan, xarajatlarning qiymat nazariyasiga ko’ra, Ishlab chiqarish xarajatlari quyidagi turlarga bo’linadi: doimiy xarajatlar: — korxona to’lov majburiyatlari, soliqlar, amortizatsiya ajratmalari, ijara haqi, qo’riqlash xizmati xarajatlari, boshqaruv xodimlari maoshi va boshqalar; o’zgaruvchan xarajatlar: — xom ashyo, materiallar, yonilg’i, transport xizmati, ishchilar ish haqi va shu kabilar uchun xarajatlar. Umumiy (yalpi) xarajatlar — doimiy va o’zgaruvchan xarajatlar yig’indisi. Bevosita ishlab chiqarish xarajatlari — konkret mahsulot ishlab chiqarishga ketgan va bevosita uning tannarxiga o’tadigan xarajatlar. Bilvosita xarajatlar — maxsulot tannarxiga bevosita qo’shilmaydigan xarajatlar. O’rtacha xarajatlar — ma’lum vaqt oralig’idagi mahsulot birligiga, tovarlar partiyasi bo’yicha yoki tashkilotlar guruhi bo’yicha bir buyumga to’g’ri keladigan xarajatlarning o’rtacha kattaligi. Ekspluatasiya (foydalanish) xarajatlari — uskunalar, mashinalar, transport, ishlab chiqarish vositalarini va kundalik foydalaniladigan xo’jalik buyumlarini ishlatish bilan bog’liq bo’lgan xarajatlar. Sherqul Shodmonov.