ISHTIXON TUMANI

ISHTIXON TUMANI — Samarqand viloyatidagi tuman. 1943 yil 18 mayda tashkil etilgan. Viloyatning Qo’shrabot, Payariq, Kattaqo’rg’on, Pastdarg’om tumanlari, bilan chegaradosh. Maydoni 0,72 ming kilometr kvadrat. Aholisi 172 ming kishi (2001). Tumanda 9 qishloq fuqarolari yig’ini (Azamat, Zarband, Ravot, Fayziobod, Xalqobod, Chordara, O’rtaqishloq, Kurli, haqiqat), bir shahar, (Ishtixon), bir shaharcha (Mitan) bor. Tuman markazi — Ishtixon shahri. Tabiati. Ishtixon tumani qadimiy Miyonqol vohasida, Zarafshon daryosining ikki tarmog’i — Oqsaryo va Qoradaryo oralig’ida joylashgan. Shimol qismi adir va qirlardan iborat. Nurota tog’larining Janubiy yon bag’ridagi tekislik bilan tutashgan. Tuman hududidan Miyonqol, qorasuv, Xatirchi, Yangikent, Xonming kabi kanallar o’tadi. Ekin maydonlari Yangikent va Xo’jaariq kanallaridan sug’oriladi. Iqlimi kontinental. Vegetatsiya davri 120-150 kun. Yillik yog’in 350 millimetr. O’rtacha temperatura iyulda 27°, yanvarda -1,9°. (1969 yilda eng past temperatura — 27° qayd etilgan). Tuproqlari tipik bo’z, allyuvial o’tloq, o’tloqi va o’tloqi-botqoq tuproqlar. Yovvoyi o’simliklardan yantoq, oqquray, jiyda, do’lana, chakanda, zira, chuchukmiya va boshqalar o’sadi. Hayvonlardan bo’rsiq, bo’ri chiyabo’ri, tulki, quyon, qushlardan tustovuq, bedana, qorabovur, turna, laylak uchraydi. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, rus, tojik, koreys, ukrain, tatar, arman va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 kilometr kvadratga 238 kishi (2001). Shaharliklar 18,1 ming kishi, qishloq aholisi 153,9 ming kishi. Xo’jaligi. Tumandagi korxonalar mahalliy xom ashyoni qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan. Paxta tozalash zavodi (Mitan), g’isht, konserva zavodlari, «ALNOSIR» qo’shma korxonasi mavjud, 138 kichik va xususiy korxona, firma va aktsiyadorlik jamiyatlari faoliyat ko’rsatadi. Tuman hududidan Toshkent — Buxoro avtomobil yo’li (40 kilometr) o’tadi. Ishtixon — Kattaqo’rg’on, Ishtixon — Mitan — Oqtepa va boshqa yo’nalishlarda avtobus qatnovi yo’lga qo’yilgan. Tuman qishloq xo’jaligida paxtachilik asosiy o’rin egallaydi. Tuman shirkat, dehqon-fermer xo’jaliklari g’allachilik, pillachilik, chorvachilik, bog’dorchilik, polizchilik, sabzavotchilik bilan ham shug’ullanadi. Paxta 11,7 ming gektar, g’alla 7,0 ming gektar maydonga ekiladi, qariyb 1,5 ming gektar tokzorlar bilan band. Tumanda 21 shirkat va ijara xo’jaligi, Fermerlar uyushmasi bor. Tuman shirkat va shaxsiy xo’jaliklarida qoramol, qo’y va echki boqiladi. Ishtixon tumanida 100 ga yaqin umumiy ta’lim maktabi, 60 dan ziyod jamoat kutubxonasi, 30 ga yaqin klub, bir necha madaniyat uylari, muzey, madaniyat va istirohat bog’i bor. Ishtixonda tuman Markaziy kasalxonasi (570 o’rin, 305 vrach, Mitan shaharchasida filiali bor), 24 qishloq vrachlik punkti, qishloq vrachlik ambulatoriyalari, poliklinikalar xizmat ko’rsatmoqda. «Mingyong’oq» sanatoriysi mavjud. 1934 yildan «Ishtixon ovozi» tuman gazetasi chiqadi (adadi 2300).