Isirg’a, zirak

Isirg’a, zirak — xotin-qizlar (ba’zi xalqlarda erkaklar ham) quloqqa taqadigan bezak buyumi. Isirg’a ikki — bog’ va tana qismdan iborat bo’lib, bog’ qismi ilgak, halqa va tana qismi panjara, shokila (oyoq), ko’z va boshqalardan tuzilgan. Isirg’aning eng sodda turi — halqa (gardish Isirg’a), boldoq keng tarqalgan bo’lib, bu Isirg’a O’zbekiston hududi (jumladan, Farg’ona)da qadimdan (miloddan avvalgi 1-ming yillik o’rtalaridan) ma’lum bo’lgan. Bog’i ilgakli bo’lgan Isirg’a zirak deb ataladi, lekin atamalar orasida bunday qat’iy chegaraga har doim ham amal qilinmagan. Zargar ustalar Isirg’ani oltin, kumush, mis kabi metallardan qolipga quyib (qolipaki) va qo’lda yasab tayyorlaydilar. Ishlanish usuliga ko’ra, panjarali (shabaka), sovotkori va boshqalar; xom ashyosiga ko’ra, sadafli, marjonli, durli, ko’zli va boshqalar; ishlanish joyiga qarab, Toshkent, Buxoro, Samarqand va boshqa Isirg’alari; shokila (oyoq)lari soniga qarab, uch oyoqli, besh oyoqli va boshqa turlari farqlanadi.