Ismoilov Abdulhoshim
Ismoilov Abdulhoshim (1952.9.6, Farg’ona viloyati, Quva tumani) — sozanda (g’ijjak), bastakor. O’zbekiston xalq artisti (1990). Toshkent konservatoriyasining Sharq musiqasi kafedrasini tugatgan (1989). O’zbekiston teleradiokompaniyasining makom ansamblida sozanda (1974-85), musiqa rahbari (1985- 87), badiiy rahbar (1987-96 va 1999 yildan), «O’zbeknavo» kontsert-gastrol birlashmasida sozanda (1997-99). Ijro uslubiga noziklik va mayinlik, qochirim-nolalarni, rang-barang usullarni ustalik va mohirona ishlatish xos. Ismoilov rahbarligidagi cholg’u ansambli (A. Abdurashidov, A. Xoltojiyev va boshqalar) ijrosi orqali o’zbek musiqasiga yangi — guruhli badiha uslubi kirib keldi. Repertuaridan yirik xalq cholg’u kuylari («Cho’li Iroq», «Nasrulloyi», «Navro’zi Ajam» va boshqalar), maqom yo’llari («Chorgoh», «Segoh», «Dugoh») va boshqalar) keng o’rin olgan. Bastakor sifatida o’zining ashula, qo’shiq va yallalari («bo’lmas», «noz», «Erka bulbul», «Sen o’zing», «O’zbekiston», «Toshkentim»,»yorimga ayting», «uchrashuv», «Netay», «tog’ qizi» va boshqalar), cholg’u va raqs kuylari («holim so’rma», «gul- Lola», «To’yona», «dil bayrami» va boshqalar) bilan shuhrat qozongan. Qator xorijiy mamlakatlarda o’z ijrochilik mahoratini namoyish etgan. Maqom ijrochilarining 1-respublika tanlovi laureati (1983).