Isparak
Isparak, isfarak (Delphinium semibarbatum) — ayiqtovondoshlar oilasiga mansub ko’p yillik o’t. Bo’yi 35-70 santimetr. Bo’g’iz barglari uzun bandli, poyasidagilari bandsiz. Bargi ustma-ust besh qismga, har bir qismi esa uch bo’lakka bo’lingan. Gullari to’q sariq, ro’vaksimon to’pgulga yig’ilgan. Sirtqi tojbargining bittasi pixli. Mevasi bitta mevabargdan hosil bo’lgan. O’rta Osiyoning tog’etaklari va adirlarida, asosan, bo’z tuproqli yon bag’irlarida o’sadi. May oxirlarida gullaydi, iyulda mevasi pishadi, avgustda poya va barglari quriydi. Isparakning gulidan aholi ipak, jun va ip gazlamalarni sariq rangga bo’yashda foydalanadi. Poyasi va barglarida 0,07%, ildizida 0,13%, mevasining po’stida 0,56%, urug’ida 0,11% delsemin va boshqa alkaloidlar bor. Isparakdan qo’y, echki va otlar, qurigan gulidan esa qoramol zaharlanadi. Xalq tabobatida Isparakning poya va barg qaynatmasi turli shishlarni, kuli esa qo’tir va ekzemani davolashda ishlatiladi.