Ispolin olxo’risi
Ispolin olxo’risi, Vengerka, Jaynet Pryun — serhosil olxo’ri navi. AQSh (Kaliforniya)da chiqarilgan (L. Berbank). Daraxti baland, sershox. Bargi yirik, gullari yirik, oq. O’zidan changlanadi. Mevasi yirik (40-50 gramm), to’q kizil, tuxumsimon, cho’ziq. Eti tig’iz, mazasi yoqimli, nordonroq, xushxo’r, danagidan oson ajraladi. Tarkibida 17,4—25,5% quruq modda, 10,3—14,3% qand, kislota, karotin, S vitamini bor. Avgust oxirida pishadi. Sug’oriladigan maydonlarda yaxshi hosil beradi. Ko’chati ekilgandan so’ng 4-yili hosilga kiradi. Bir tupi 100 kilogrammgacha meva beradi. 30 yilgacha yaxshi hosil qiladi. Sovuqqa, zararkunanda va kasalliklarga chidamli nav. O’zbekistonning hamma viloyatlarida ekiladi. Mevasi yangiligida yeyiladi, qoqi solinadi, kompot, murabbo tayyorlanadi.