IVANO-FRANKOVSK
IVANO-FRANKOVSK (1962 yilgacha Stanislav) — Ukrainadagi shahar, Ivano-Frankovsk viloyati markazi. Karpat tog’larining etaklarida. Temir va shosse yo’llar tuguni. Aeroport bor. Aholisi 237,0 ming kishi (1997). Shaharga 1962 yilda ukrain yozuvchisi I. Ya. Franko nomi berilgan. Sanoatning muhim tarmoqlari: yengil (trikotaj, tikuvchilik, badiiy buyumlar ishlab chiqarish fabrikalari, ko’n korxonasi), oziq-ovqat sanoati (go’sht, non, spirt- araq kombinatlari va boshqalar), yog’ochsozlik (mebel fabrikasi), metallsozlik (asbobsozlik, avtomobil tuzatish, Lokomotiv tuzatish), kimyo. 3 oliy o’quv yurti, Ukraina musiqali drama teatri, qo’g’irchoq teatri, o’lkashunoslik, badiiy, Karpat bo’yi badiiy muzeylari mavjud. Me’moriy yodgorliklardan kostyol (18-asr), arman Cherkovi saqlanib qolgan.