JABAL MAKONI
JABAL MAKONI — mezolit, neolit va jez davri (miloddan avvalgi 7-2-ming yilliklar)ga oid makon. Turkmanistondagi Katta Bolxon tog’larida, Turkmanboshi — Ashxobod temir yo’ldagi Jabal stansiyasidan 3,5—4 kilometr Sharqdagi g’orda joylashgan. G’or ikki tarmoqsan iborat bo’lib, og’zi Janubga qaragan, kengligi 9 metr, chuq. 7,5 metr, balandligi 4 metr. 1949-50 yillarda A. P. Okladnikov tomonidan o’rganilgan. Jabal makonining madaniy qatlami 3 metr qalinlikka ega. Jabal makonining pastki 6-madaniy qatlamida o’rta tosh davriga, keyingi qatlamlaridan neolit va jez davriga oid chaqmoqtoshdan ishlangan qirg’ich, paykon va ko’plab chaqmoqtosh chiqindilari, jayran, yovvoyi echki, baliq va boshqa hayvonlarning suyak qoldiqlari, sopol idishlar topilgan. Bu narsalar xo’jalik hayotida ovchilik, baliqchilik va terimchilik asosiy o’rinni egallaganini ko’rsatadi.