Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti — xalqaro iqtisodiy munosabatlar, xalqaro huquq, xalqaro munosabatlar sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan oliy o’quv yurti va yirik ilmiy markaz. O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga qaraydi. Toshkent shahrida joylashgan. 1992 yil 23 sentabr tashkil etilgan. Tarkibida xalqaro iqtisodiy munosabatlar, xalqaro huquq, xalqaro munosabatlar fakultetlari, 25 kafedra, til markazi (jahon tillari, frantsuz tili, nemis tili, o’zbek tili kafedralari bilan), kompyuter; testlar; «Ma’naviyat va ma’rifat» markazlari; boshqaruv instituti; tahrir va nashriyot bo’limi; «biznes olami» va «Ziyokor» o’quv markazlari, «internet» klubi va yuridik klinika faoliyat yuritadi. Jahon iqtisodiyoti, xalqaro iqtisodiy munosabatlar, xalqaro huquq sohalari, siyosiy va ijtimoiy muammolar, diplomatiya va boshqa ixtisosliklar bo’yicha mutaxassislar tayyorlaydi. Universitetda 2001-2002 o’quv yilida 1300 talaba o’qidi, 200 dan ortiq professor o’qituvchilar, shu jumladan 20 fan Doktori, 80 fan nomzodi va dotsent ishladi. Tashkil etilgandan beri 1300 ga yaqin mutaxassis tayyorladi. Universitet ilmiy kutubxonaga ega (300 ming asar). Universitetda o’quv ishlariga xorijiy mamlakatlardan professorlar, mamlakatimizdagi amaliyotchi mutaxassislar taklif qilinadi, zamonaviy kompyuter texnologiyasidan keng foydalaniladi. Xalqaro Internet tizimiga ulangan. Universitetda BMT, YUNESKO, TASISning Toshkentdagi vakolatxonasi xodimlari, xorijiy davlat arboblari, diplomatlari, O’zbekistondagi chet mamlakatlar elchixonalari vakillari bilan uchrashuvlar o’tkaziladi. Doktorlik va nomzodlik dissertasiyalarini himoya qilish bo’yicha ixtisoslashgan ilmiy kengash ishlaydi. Aspirantura, doktorantura bor. O’quv qo’llanmalari, dasturlar, ilmiy va uslubiy qo’llanmalar chop etadi, «xalqaro munosabatlar» jurnali nashr etiladi. Adham Bekmurodov.