Jahon meteorologiya tashkiloti

Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) — xalqaro tashkilot, meteorologik tadqiqotlar va kuzatishlar bo’yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga yordam ko’rsatish hamda milliy meteorologik va gidrometeorologik xizmatlar ishini muvofiqlashtirish ishlarini olib boradi. 1947 yil sentabrda BMT huzurida tashkil etilgan. JMT tuzilishiga qadar bu ishlarni 1871 yilda tashkil etilgan xalqaro meteorologiya tashkiloti olib borgan. JMTga 150 dan ortiq, davlat a’zo (2002), O’zbekiston Respublikasi 1992 yil 23 dekabrda a’zolikka qabul qilingan. JMTning oliy organi Jahon meteorologiya Kongressi bo’lib, 4 yilda bir marta chiqariladi. Ijroiya qo’mitasi 24 milliy xizmat direktorla- ridan tashkil topgan va har yili kamida bir marta yig’ilish o’tkazadi. JMTning 6 mintaqaviy uyushmasi (Afrika, Osiyo, Janubiy Amerika, Shimoliy va Markaziy Amerika, Tinch okeanning Janubi-g’arbi, Yevropa) yirik geografik mintaqalardagi xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtiradi. JMTning doimiy ishlaydigan organi — kotibiyat Jeneva (Shveytsariya)da joylashgan. Meteorologik kuzatishlarni olib borish va standartlash, meteorologik axborotlarni ayirboshlash, ob-havoni prognozlash, meteorologik tadqiqotlar va amaliy meteorologiya muammolari bilan bog’liq maxsus texnikaviy masalalarni hal qilish uchun bir necha komissiyalar tashkil etilgan. JMT milliy Gidrometeorologiya xizmatlari faoliyatini yaxshilash, yer kurrasi aholisini oziq-ovqat bilan ta’minlash muammosini hal etishda qatnashish, BMTning tashqi muhitni kuzatish va muhofaza qilish to’g’risidagi Konventsiyaga qat’iy amal qilish va boshqalarda faol ishtirok etadi. Ayniqsa JMTning Jahon ob-havo xizmati dasturlari (Jahon miqyosida kuzatish tizimi, telealoqa tizimi, meteorologik ma’lumotlarni qayta ishlash tizimi) katta amaliy ahamiyatga ega. O’zbekiston Respublikasi gidrometeorologiya bosh boshqarmasi («Boshgidromet») JMT ning Jahon ob-havo xizmati dasturida faol qatnashadi. Toshkentda Jahon ob-havo xizmatining jahon miqyosidagi telealoqa tizimi mintaqaviy telealoqa tarmog’i, meteorologik ma’lumotlarni qayta ishlash tizimining mintaqaviy ixtisoslashtirilgan meteorologik markazi (jahondagi shunday 20 ta markazdan biri) ish olib boradi. Toshkent Gidrometeorologiya texnikumi negizida JMTning mintaqaviy o’quv markazi tashkil etilgan. «Boshgidromet» har yili JMT Kotibiyatiga o’z faoliyati haqida hisobot yuboradi. Hamidulla Abdullayev.