JAHON POCHTA ITTIFOQI
JAHON POCHTA ITTIFOQI — xalqaro davlatlararo tashkilot; BMTning ixtisoslashgan muassasasi (1947-yildan). 1874-yil 9-oktabr kuni asos solingan. I Xalqaro pochta kongressida tashkil etilgan (1875). 1878-yilgacha Umumiy pochta ittifoqi deb atalgan. Vazifasi pochta xizmatini yaxshilash, shu sohada hamkorlikni taraqqiy ettirish, rivojlanayotgan mamlakatlarda pochta xizmatini tashkil etish va takomillashtirishda texnika yordami ko’rsatishdan iborat. Hozirgi kunda 192 davlat a‘zo. O’zbekiston Respublikasi 1994-yildan a‘zo. Asosiy organlari: Jahon pochta kongressi, Ijroiya kengashi, Pochta ekspluatatsiyasi kengashi va Xalqaro byuro. Oliy organi – kongress, 5- yilda bir marta chaqiriladi. Jahon pochta ittifoqining rasmiy tili fransuz tili, ish jarayonidagi tili – ingliz, ispan, rus tillari. «Pochta ittifoqi» jurnali, kongresslar hisoboti va boshqalarni nashr qiladi. O’zbekiston vakillari 21-kongress (1994-yil Seul shahar), 22-kongress (1999-yil Pekin shahri)da qatnashgan. Jahon pochta ittifoqi idorasi Shveytsariyadagi Bern shahrida joylashgan.