Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti — xalqaro tibbiy tashkilot; Birlashgan Millatlar tashkiloti (BMT)ning ixtisoslashgan maxsus muassasasi. 1945 yil fevralda BMT konferentsiyasida Jahon sog’liqni saqlash tashkilotini tuzish to’g’risida qaror qabul qilingan edi. 1946 yilda sog’liqni saqlash bo’yicha Nyu-Yorkda o’tkazilgan xalqaro konferentsiyada BMTga a’zo 26 ta mamlakat tashkilot ustavini ratifikatsiya qilgach, Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tuzildi (1948.7.4). Shu kun butun dunyoda sihat-salomatlik kuni sifatida nishonlanadi. Tashkilot o’z oldiga «hamma xalqlarning iloji boricha sog’-salomat bo’lishiga erishish»ni maqsad qilib qo’ygan. Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti kasalliklarga qarshi kurash olib boradi, ularni tugatish tadbirlarini ko’radi; atrof muhit muhofazasi, yuqumli va yuqumsiz (sil, venerik va parazitar kasalliklar, yurak tomir kasalliklari, xavfli o’smalar va boshqalar)ga qarshi kurash uchun xalqaro standartlar belgilash, dori moddalar sifati va qo’shimcha ta’siri hamda narkotik moddalar ustidan xalqaro nazorat o’rnatish; tibbiyot fanining eng muhim masalalari (toksikologiya, farmakologiya, atrof muhit gigienasi va boshqalar) bo’yicha hamda sog’liqni saqlash sohasidagi tadqiqotlarni koordinatsiyalash va ularni o’tkazishga ko’maklashish ham Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining vazifasi. Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti xalqaro karantin sohasida qator tadbirlarni amalga oshiradi: chechak, vabo va boshqalar bilan kasallanish xollari to’g’risida mamlakatlarga o’z vaqtida xabar beradi. Tashkilot tarkibiga 6 regional tashkilot kiradi. Ular har birining o’z ijroiya organlari va regional byurolari bor. Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining oliy organi — Jahon sog’liqni saqlash assambleyasini mamlakatlar saylaydi, uning sessiyasi yil sayin chaqirib turiladi. Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining Markaziy ma’muriy organi — Sekretariatga (shtab kvartirasi Jenevada) general direktor rahbarlik qiladi. Tashkilot mablag’ining asosiy manbai unga a’zo bo’lgan davlatlardan tushadigan badal pulidir. Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti jurnallar, byulletenlar, nomuntazam nashrlar chop etadi. Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining O’zbekistondagi vakolatxonasi O’zbekiston sog’liqni saqlash vazirligi binosida faoliyat ko’rsatadi (1995 yildan). Paraxat Menliqulov.