Jalilova E’tibor
Jalilova E’tibor (1924.15.3, Andijon — 1983.22.6, Toshkent) — O’zbekiston xalq artisti (1964). Moskva konservatoriyasi qoshida ochilgan o’zbek opera studiyasida (1940-41), Toshkent konservatoriyasida (1944) o’qigan. 1941 yildan Muqimiy teatrida ishlagan. Aktyorlik va xonandalik iste’dodi mahalliy mualliflarning musiqali drama va komediyalarida, o’zbekchaga tarjima qilingan asarlarda — estetik tugal, realistik chuqur, usluban to’liq va ishonarli sahna xarakterlari yaratishiga imkon bergan. Rollari samimiy, jo’shqin, romantik va yuksakligi bilan ajralib turadi. Eng yaxshi rollari: Zuhra («Tohir va Zuhra»), Gulchehra («Arshin mol olon»), Shohista («Oltin kul»), Shirin («Farhod va Shirin»), Laurensiya («Qo’zibuloq qishlog’i») va boshqalar. Uning ijrosidagi Oftobxon («Oftobxon»), Nurxon («Nurxon»), fazilat, Nigor («kumush tuy», «G’unchalar») obrazlari teran psixologik xarakterlar namunasidir.