Jalolobod viloyati
Jalolobod viloyati — Qirg’iziston Respublikasi tarkibidagi viloyat. Mamlakatning Janubiy qismida joylashgan. 1930 yil 21 noyabrda tashkil etilgan (1958-89 yillarda O’sh viloyati tarkibida, 1990 yildan alohida viloyat). Shimol va shimoli-g’arbdan Qirg’izistonning Talas va Chu; Sharq va shimoli-sharqdan Norin, Janubi-sharqdan O’sh viloyatlari, Janub va Janubi-g’arbdan O’zbekiston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 33,7 ming km2. Jalolobod viloyati. tarkibida 8 tuman, 5 shahar va 8 shaharcha bor. Ma’muriy markazi — Jalolobod shahri. Aholisi 880,8 ming kishi (respublika aholisining 19%); shundan 668,5 mingi qishloq aholisi (77,2%). Aholi zichligi respublika o’rtacha ko’rsatkichidan bir qadar yuqori bo’lib, 1 km2 ga 26 kishi to’g’ri keladi (2000). Viloyatning katta qismini Tyanshan tog’larining Janubi-g’arbiy tarmoqlari egallagan. Shimoli-g’arbida Piskom, Sandalash, Chatqol tizmalari; shimolda talas Olatovi, Susamirtov, Mo’ldatov va boshqalar; janubida keng tog’lararo tektonik botiqlar — Ketmontepa, To’g’uztoro vodiysi joylashgan. Norin daryosidan g’arbda — Otoynak tizmasi, Sharqda boboshota (balandligi 4490 metrgacha, viloyatning eng baland joyi), Janubi-Sharqda Olatov etaklarida. Farg’ona tizmasi, Janubi-g’arbda bir muncha tekis va kambar tog’oldi tekisliklari bor. Daryo vodiylaridagi tekisliklarda Jalolobod, Qoraungur, Nanay shaharlari joylashgan. Foydali qazilmalardan tosh-ko’mir, oltingugurt, neft, gaz, tosh tuzi va boshqalar uchraydi. Iqlimi kontinental, iliq va quruq iqlim. O’rtacha temperatura yanvarda -2°, iyulda 25-28°. Eng ko’p yog’in Farg’ona tizmasining Janubi-g’arbiy yon bag’irlariga tushadi. Quyi qismlarida 400-500 millimetr, 2500 metr balandlikda — 1000 millimetr va undan ko’p; Viloyatning o’rta qismlarida 300-350 millimetrgacha yog’adi. Eng yirik daryosi — Norin. Unga chapdan Qorasuv, o’ngdan Torkent, Uzunahmat, Qorasuv daryolari quyiladi. Sharqida Sirdaryo havzasiga mansub Qoradaryo (Ko’gart, Tentaksoy, Moylisuv irmoqlari bilan) oqadi. Daryolari gidroenergiya zaxirasiga boy (Norin daryosiga GES kaskadi qurilgan). Sug’orishda keng foydalaniladi. Yirik ko’llari: Sarichelak, Ko’kola, Oyko’l, Kutmanko’l, Qorasuv va boshqalar; ular asosan muzlikning erishi, tog’qulashi natijasida va tektonik yo’l bilan hosil bo’lgan ko’llar. Tog’larda 1200 metrgacha sur tuproqli quruq dasht va efemerli chala cho’l landshafti; 1200 metrdan 2000 metrgacha bo’lgan tog’yon bag’irlari kashtan tuprog’li tog’ dashtlaridan iborat. Chatqol, Farg’ona tizmalari yon bag’irlari 1200-1300 metrgacha balandlikda yong’oqzor, mevazor o’rmonlar va o’simlik turlariga boy tog’dashtlari; 2000-3000 metrda aralash va igna bargli o’rmonlar, balandroq joylari subalp va Alp o’tloqlari, eng baland joylari qoyali cho’qqilar, qor va muzliklardan iborat. Hayvonot dunyosi turli tuman: tog’larda tog’ echkilari, bug’u, qobon, oq tirnoqli ayiq, qor qoploni, turli-tuman qush va sudraluvchilar uchraydi. Xo’jaligi. Mavjud sanoat korxonalari 1990-yillardagi iqtisodiy islohotlar natijasida xususiy ishlab chiqarish va xizmat ko’rsatish korxonalariga, qishloq xo’jaligida jamoa xo’jaliklari dehqon, fermer, shuningdek, xususiy dehqon xo’jaliklariga aylantirildi. Sanoatining asosiy tarmoqlari: elektr energetika (sanoat ishlab chiqarishning 63,4%), rangli metallurgiya (10%), oziq-ovqat (5,2%) sanoati. Yoqilg’i, rangli metallurgiya sanoati rivojlangan. Asosiy ishlab chiqarish mahsulotlari: elektr energiyasi (1999 yilda 11905,7 mln. kVt/soat), neft (76,9 ming tonna), elektr lampalari (156,7 million dona) va yarim o’tkazuvchi materiallardan iborat. Jalolobod, toshko’mirda 1996 yil neftni qayta ishlash zavodlari ishga tushirildi. Qurilish materiallari, kiyim-kechak, un, go’sht, sut, ichimliklar, sabzavot konservalari, tamaki, poyabzal, mebel ishlab chiqariladi. Umumiy yer maydoni 1922,1 ming gektar, shundan qishloq xo’jaligiga yaroqli yerlar 154,2 ming gekat bo’lib, mevali daraxtzor, pichanzor va yaylovdan iborat (2000). Boshoqli donli ekinlar, don uchun makkajo’xori, paxta (23271 gektar), poliz ekinlari, kartoshka (4874 gektar), moyli ekinlar (21708 gektar), tamaki (4002 gektar) ekiladi. 1999 yilga kelib kolxoz va sovxozlar o’rnida yangi xo’jaliklar (xususiy xo’jalik, fermer xo’jaligi, dehqon xo’jaligi, qishloq xo’jalik kooperativlari, jamoa xo’jaligi, aktsiyadorlik jamiyatlari) tashkil topdi. Chorvachilikda qoramol, qo’y va echki, yilqi, parranda boqiladi. Bishkek—O’sh avtomobil yo’li, Qorasuv — Jalolobod — Ko’kyong’oq va Namangan — Uchqo’rg’on — toshko’mir temir yo’l o’tgan. Havo transporti Jalolobod — Bishkek, Jalolobod — Qorako’l, Jalolobod — Cho’lponota yo’nalishlarida qatnaydi. Jalolobod viloyatida 3 oliy o’quv yurti (universitet, tijorat instituti, Bishkek fizkultura instituti fakulteti), 3 o’rta maxsus (tibbiyot, madaniy maorif va qishloq xo’jalik) o’quv muassasasi bor (2000). Teatr, filarmoniya, 117 madaniyat saroyi va klublari, 180 kutubxona mavjud (2000). Viloyatda 303 davolash- profilaktika muassasasi, kasalxonalar va boshqalar (qishloq ambulatoriyalari, feldsher-akusherlik punktlari) bor. Ularda 1664 vrach, 7066 tibbiy xodim ishlaydi. Jalolobod shahri yaqinida mineral buloqlar asosida tashkil etilgan balneologik kurort joylashgan.