Jamol Posho

Jamol Posho (1872, Istanbul -1922.21.7, Tbilisi) — yosh turklar inqilobining faol ishtirokchisi, «Ittihod va taraqqiy» partiyasi rahbarlaridan biri. 1908 yildan Turkiyada muhim harbiy lavozimlarda ishladi. 1913 yil 10 yanvarda bo’lgan harbiy davlat to’ntarishidan so’ng Anvar Posho va Tal’at Posho bilan birgalikda mamlakatni boshqarishga kirishdi. Turkiya harbiy dengiz kuchlari vaziri (1913— 18). Birinchi jahon urushi davrida Turkiya siyosatida muhim rol o’ynadi. Urushda Turkiyaning yengilishi natijasida ittihodchilar hukumati iste’foga chiqqach, safdoshlari Anvar Posho va Tal’at Posho bilan birgalikda Turkiyani tark etdi (1918 yil 3 noyabr). Jamol Posho Berlindan 1920 yil mayda Moskvaga keldi. Sovet rejimi uning yordamida Turkistondagi «bosmachilar» (istiqlolchilar)ga tayangan holda Afg’oniston orqali Hindistonda turgan inglizlarga qarshi kurash olib bormoqchi bo’ldi. Xalil Posho bilan birgalikda Turkistonga kelgach, o’zining yordamchisi Ragibbey va farg’onalik Qori Kamolni qo’rboshilar huzuriga jo’natdi. Turkiston matbuotida yozilishicha, Buxoro bosqini davri — 1920 yil 1 sentabrda u Turkiston fronti qo’mondoni M. V. Frunze o’rnashgan Samarqandda edi. 1920 yil kuzida u Toshkent va Buxoro orqali Kobulga jo’natildi. BXSR Afg’oniston tomonidan tan olinishida sezilarli hissa qo’shdi. 1921 yil sent.da sovetlarning talabi bilan Kobuldan orqaga qaytdi. Bu paytda Buxoroda bo’lgan Anvar Posho bilan uchrashishga Rossiyaning BXSRdagi vakili K. K. Yurenev yo’l qo’ymadi va Jamol Posho Chorjo’y orqali Moskvaga jo’naydi. RSFSR tashqi ishlar komissari o’rinbosari L. M. Karaxan bilan uchrashgach, u bolsheviklar bilan hamkorlikni to’xtatdi. 1922 yil yurtiga qaytayotganda Tiflis (Tbilisi) da Karapet boshliq arman terrorchilari (sovet chekistlari) tomonidan sirli ravishda o’ldirildi. Ad.: Ahmad Zakiy Validiy To’g’on, Bo’linganni bo’ri yer (xotiralar), T., 1997. Qahramon Rajabov.