Jamolov O’ner Boimbetovich

Jamolov O’ner Boimbetovich (1912, Janubiy Qozog’iston viloyati Sembe qishlog’i — 1975.8.8, Toshkent) — iqtisodchi olim, O’zbekiston Fanlar Akademiyasining muxbir a’zosi (1966), iqtisod fanlari Doktori (1958), professor (1959). Toshkent moliya-iqtisod institutini tugatgan (1939). 1940— 53 yillarda Toshkent shahridagi oliy o’quv yurtlarida siyosiy iqtisod o’qituvchisi. O’rta Osiyo universitetida dotsent (1955-58), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi iqtisod institutining Direktori (1958-71), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi falsafa, iqtisod va huquq bo’limining akademiyasi kotibi (1971-75). Ilmiy ishlari qishloq xo’jalik ishlab chiqarishni tashkil qilish, boshqarish, rivojlantirish, iqtisodiyot nazariyasi masalalariga bag’ishlangan.