Janggoh

Janggoh — jang maydoni. Bu ma’no o’tmishda ma’rakagoh, dorulharb kabi istiloxlar bilan ham ifodalangan. Bo’lajak jangdan oldin har bir sarkarda Janggohni bevosita o’zi tanlagan, ko’zdan kechirgan. Janggohning tekis, keng va qo’shin qismlarini joylashtirishga qulay bo’lishi talab qilingan. Ayniqsa, Janggohning ichimlik suv manbaiga yaqin bo’lishi hamda jang paytida quyosh nurining askarlar ko’ziga tushmasligi maqsadga muvofiq hisoblangan. Janggoh tanlash — tovochi zimmasida bo’lgan. Janggohning noqulayligi ba’zan mag’lubiyatga ham sabab bo’lgan. Masalan: Anqara jangida Amir Temurning ustalik bilan Janggohni tanlashi va bu bilan raqibi turk sultoni Boyazidni o’zi uchun noqulay Janggohda jang qilishga majbur qilishi turklarning bu jangda mag’lubiyatga uchrash sabablaridan biri bo’lgan.