Janubiy Avstraliya

Janubiy Avstraliya — Avstraliya Ittifoqidagi shtat. Hind okeanining katta Avstraliya qo’ltig’i sohilida. Maydoni 984 ming km2. Aholisi 1,5 million kishi (2000). Ma’muriy markazi — Adelaida shahri. Shtat hududining relefi asosan, tekislik, tog’massivlari ham uchraydi (Styuart, Masgreyv va boshqalar). Quruq o’zanlar va ko’llar (Eyr, Gerdner, Torrens) bor. Eng katta daryosi — Murrey. Shtat hududining cho’l va chala cho’ldan iborat shimol va shimoli-g’arbida yiliga 100-200 millimetr yog’in tushadi. Janub va Janubi-sharqida iqlim mo’tadil, 500-1000 millimetr yog’in yog’adi, tuprog’i unumdor. Yillik o’rtacha temperatura 20°, yanvarniki — 30°. Shtat ekin maydonining qariyb 25% iga bug’doy ekiladi. Bog’ ko’p. Mevachilik va tokchilik rivojlangan. Xo’jaligining asosiy tarmog’i — yaylov chorvachiligi (qo’y, qoramol, ot, cho’chqa boqiladi). Konchilik (mis va temir rudalari, toshko’mir, tabiiy gaz olinadi) rivojlangan. Sanoatda qora va rangli metallurgiya yetakchi o’rinda. Kemasozlik, mashinasozlik (qishloq xo’jaligi mashinalari, avtomobilsozlik, raketasozlik), neft kimyosi sanoati korxonalari bor. Shtatning Janub qismida qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlovchi sanoat korxonalari joylashgan. Vino ishlab chiqarish yaxshi yo’lga qo’yilgan. Yirik sanoat markazlari: Adelaida va Port-Agasta.