Janubiy Dakota
Janubiy Dakota — AQShning shimoliy qismidagi shtat. Maydoni 199,7 ming km2. Aholisi 756,6 ming kishi (2001). Ma’muriy markazi — Pirr shahri. Janubiy Dakota hududining Janubi-Sharqi Markaziy tekisliklarda, g’arbi Buyuk tekisliklarda. G’arbiy qismida chuqur vodiy va jarlik ko’p. Yer yuzasining balandligi sharqida, asosan, 330 metrdan g’arbida 1000 metrgacha (Blek-Xils tog’ massivi). Yanvarning o’rtacha temperaturasi -10°, -12°; iyulniki 20-22°. Yillik o’rtacha yog’in 400— 500 mm. Eng katta daryosi — Missuri. Xo’jaligining asosi — qishloq xo’jaligi. Go’sht- sut chorvachiligi rivojlangan. Qoramol va cho’chqa boqiladi. Bug’doy, suli, arpa, zig’ir, yem-xashak ekinlari, makkajo’xori ekiladi. Konchilik sanoati rivojlangan. Oltin, kumush, uran rudalari qazib chiqariladi. Oziq-ovqat (go’sht konservalash, un tortish, yog’, pishloq) korxonalari bor. Qishloq xo’jaligi ish qurollari ishlab chiqariladi.