Janubiy Farg’ona kanali
Janubiy Farg’ona kanali — Farg’ona vodiysidagi yirik irrigatsiya kanali. O’zbekiston va Qirg’iziston hududidan o’tadi. Olay tog’laridan oqib tushadigan soylar suvini tartibga solish va Farg’ona vodiysining Sharqiy va Janubiy qismida suv ta’minotini yaxshilash maqsadida hashar yo’li bilan qazilgan (1940). Shahrixonsoy kanalining (Qoradaryo chap sohilida) yirik shoxobchasi. Dastlab Isfayramsoydagi Besholish uzog’ligigacha qazilgan, keyinchalik Marg’ilonsoygacha yetkazildi. 1946 yilda Oltiariqsoygacha davom ettirildi. Uzunligi 120 kilometr, eni boshlanishida 12 metr, quyi qismida 2 metr. Bosh qismida suv sarfi 85 m3/s. Polvontosh kollektorining suvi qo’shilgandan so’ng 30 m3/s suv oqadi. Shahrixonsoyda bosh taqsimlagichi bo’lgan to’suvchi inshoot qurilgan. Marhamat qishlog’idan 6 kilometr yuqoriroqda Karkidon suv omboridan suv oladi (18 m3/s). Kanalda 3 tezoqar, 35 suv tushirgich, 52 quloq bor. 75,8 ming gektar yerni sug’oradi (25,2 ming gektar Andijon viloyatida, 48 ming gektar Farg’ona viloyatida, 2,6 ming gektar Qirg’izistonning Aravon tumanida).