Janubiy Surxon suv ombori
Janubiy Surxon suv ombori, Mirzaahmad Qoraboyev nomidagi Janubiy Surxon suv ombori — O’zbekistondagi yirik suv ombori. Surxondaryo viloyati Qumqo’rg’on tumani hududida, Surxondaryoning o’rta oqimida, Zarkamar va Xo’jamulki to’qayi o’rnida 1958-67 yillarda bunyod etilgan. Daryo havzasining eng tor yerida to’g’on qurilgan. Daryo suvini mavsumiy tartibga soladi. Uzunligi 20 kilometr, maksimal eni 6,2 kilometr, o’rtacha eni 2,96 kilometr, maksimal chuqurligi 27 metr, o’rtacha chuqurligi 12 metr. To’la suv sig’imi 800 million m3, foydali suv sig’imi 610 million m3. Suv sathi yuzasi 65 km2. Janubiy Surxon suv ombori daryoning kayiri va uch terrasasida joylashgan. Asosiy inshootlar tarkibiga tuproq to’g’on, ehtiyot tashlama va Sherobod magistral kanaliga suv beradigan O’ngqirg’oq suv chiqargich (suv sarfi 150 m3/s) kiradi. Suv ombori Sherobod cho’lidagi 71 mingga yerni o’zlashtirish hamda ilgaridan sug’oriladigan 52 ming gektar yerning suv ta’minotini yaxshilash imkonini berdi. Suv omborida ko’pgina baliq turlari urchitib ko’paytiriladi va ovlanadi. 1969 yilda Janubiy Surxon suv ombori qurilishga rahbarlik qilgan Mirzaahmad Qoraboyev (1931-1969) nomi berilgan.